Shu vaqtgacha O`zbekistonda regbi federasiyasi mavjudligi haqida eshitganmisiz? Regbi bo`yicha O`zbekiston qachon yuksak marralarga erishgan? O`zbekistonda regbi federasiyasi borligi sezilmasada unga ajratilayotgan mablag`lar sezilarli darajada.
Xususan, 2022 yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev raislik qilayotgan regbi federasiyasi uchun 234 360 000 so`m mablag` ajratilgan. Safoevning hamkasbi Senat raisi Tanzila Narbaeva raislik qilayotgan O`zbekiston velosiped sporti federasiyasiga 744 759 570 so`m ajratilgan. Bundan tashqari federasiyalarga yana to`g`ridan-to`g`ri ajratiluvchi mablag`lar ham mavjud. Milliy Olimpiya qo`mitasining ma`lumotiga ko`ra, ushbu mablag`lar yanvar oyida terma jamoalarning Osiyo o`yinlari va Olimpiya o`yinlariga tayyorgarligi uchun sarflangan.
2021 yil 30 dekabrdagi «Davlat byudjeti to`g`risida»gi Qonunda Parij — 2024 Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rish uchun 2022 yilda Milliy olimpiya qo`mitasi, Olimpiya sport turlari va uyushmalariga 135,0 mlrd.so`m mablag` ajratilishi belgilangan.
2022 yil yanvar oyi yakuni bo`yicha Xanchjou — 2022 Osiyo o`yinlari va Parij — 2024 Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rayotgan 19 ta sport federasiya va uyushmalardan 17 tasining bergan buyurtmalari asosida ajratilgan mablag`lardan mahalliy hamda xalqaro o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish uchun 7 milliard 897 million 416 ming 763 so`m mablag` ajratilgan.
Shu bilan birga, Olimpiya sport turlari bo`yicha federasiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus ekipirovkalar xaridi, ularning tibbiy-biologik ta`minoti bilan bog`liq xarajatlar federasiya va uyushmalarga to`g`ridan-to`g`ri moliyalashtiriladi.
Rost24.uz sayti federasiyalar uchun ajratilgan mablag`lar o`tgan bir oyda qaerga sarflangani haqida mutasaddilardan izoh so`raydi. Milliardlab mablag`lar sarflayotgan federasiyalar nega olimpiya o`yinlarida o`zlarini ko`rsata olmaydi? Bu borada qo`shimcha axborot taqdim qilamiz.
Eslatib o`tamiz, bugun Rustam Shoabdurahmonov o`z arizasiga binoan Milliy olimpiya qo`mitasi raisi lavozimidan ketdi.
Quyidagi jadvalda yana 17 ta federasiyaga yanvar oyi uchun ajratilgan mablag`lar bilan tanishishingiz mumkin: