IIV raddiyasi: O`limga IIB xodimi sababchi emas, marhum bemor mast bo`lgan

16.02.2022 00:13

Biroz avval saytimizda Inson huquqlari faoli, «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning ma`lumotiga tayanib, Ichki ishlar xodimi tomonidan olib ketilgan fuqaroning 4 soat ӯtar-ӯtmay jasadi kelgani haqida xabar e`lon qilingan edi.

IIV axborot xizmati bu xabarni ichki ishlar organlari xodimlari nomiga dog` tushirish maqsadi ko`zlangan, deya tasniflab raddiya berdi.

Raddiyada ta`kidlanishicha, joriy yilning 11 fevral kuni soat 20:30 da Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani, Madaniyat mahallasida yashovchi fuqaro A.K. ichki ishlar organlariga murojaat qilib, shu tumanning Chandir qishlog`ida yashovchi, 1986 yilda tug`ilgan fuqaro S.X. ko`chada mast holatda qo`ni-qo`shnilar bilan janjallashib, ularning tinchligini buzayotganini ma`lum qilgan.
Voqea joyiga etib borgan profilaktika inspektorlari huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirib, mast holatda bo`lgan, sog`liqni saqlash organlarida spirtli ichimliklarga ruju qo`ygan shaxs sifatida hisobda turuvchi fuqaro S.X.ni Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati mintaqaviy filialiga joylashtirgan. Bemor S.X. shifokorlar ko`rigidan o`tkazilib, stasionar davolanishga yotqizilgan. Soat 23:40da bemor S.X.ning sog`lig`i yomonlashgach, u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo viloyati filialiga etkazilgan.

Kasalxonada bemor S.X.ga shifokorlar tomonidan birlamchi tez tibbiy yordam ko`rsatilishiga qaramasdan, u 12 fevral kuni soat 01:30da «Alkogoldan o`tkir zaharlanish og`ir darajasi, aspirasion sindrom, alkogol komasi o`tkir nafas etishmovchiligi II,  III darajasi, o`tkir yurak qon tomiri etishmovchiligi II daraja» tashxisi bilan vafot etgan.

Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olingan va o`rganish natijasiga ko`ra, marhum S.X.ning tanasida tan jarohati va boshqa jismoniy kuch ishlatish bilan bog`liq belgilar aniqlanmagan, deyiladi raddiyada.

Bundan shu ko`rinadiki, fuqaroning o`limi tasdiqlandi. Murojaat soat 20:30 da bo`lgan bemorni soat nechchida Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo viloyati mintaqaviy filialiga joylashtirilgani haqida ma`lumot yo`q. Raddiyada bemor deya tasniflanayotgan fuqaro boshqalarni bezovta qilish darajasida kuchga ega bo`lganki, inspektor chaqirilgan. Stasionar davolanishga yotqizilgan 36 yoshli erkak oradan hech qancha vaqt o`tmay, ya`ni soat 23:40 da sog`lig`i yomonlashgach,  Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo viloyati filialiga etkazilgan va uning o`limi 1 yarim soatdan keyin qayd etiladi. 

Prokuratura organlari bu ishni jiddiy o`rganishiga ishonamiz. Mast fuqaro bemorga aylanishi oddiy hol bo`lganda, O`zbekistonda alkogol ichimlik ichadigan barcha fuqarolar shunday tez o`limga duchor bo`lar edi, to`g`rimi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар