Germaniya kansleri Ukrainaga keldi. AQSh rahbari qanday qaror qabul qiladi?

14.02.2022 21:56

Zelenskiy Jo Baydenni Ukrainaga taklif qilar ekan, uning tashrifi muhim signal bo`lishini aytmoqda.
Rossiya - Ukraina 30 yil oldin ayni shu kuni diplomatik munosabatlar o`rnatgan. Bugunga kelib ikki davlat munosabatlarida qanday o`zgarishlar yuz berdi?

So`nggi kunlarda Rossiya – Ukraina mojarolari kengayib borar ekan, tomonlar muzokara olib borishga harakat qilmoqda.

Shanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali bo`lib o`tgan muloqotda AQSh va ittifoqchilari tomonidan har qanday holatda munosib javob qaytarishini va`da bergan. Shu bilan birga Rossiya yirik xarajatlar bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Shuningdek, Bayden Rossiyaning Ukrainaga bosqini ko`plab insonlarning aziyat chekishiga sabab bo`lishini aytgan.

Amerika razvedkasining POLITICO nashriga ma`lum qilishicha, Rossiya 16 fevraldan bostirib kirishi mumkin. Ammo AQSh rasmiylari buni tasdiqlay olmasligini aytgan. Shanba kuni Davlat departamenti Kievdagi elchixonasini evakuasiya qilishni boshlagan. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning so`zlariga ko`ra, G`arb Rossiyaning Ukrainaga hujumi go`yoki yaqinlashib kelayotgandek ko`rsatmoqda, lekin hech kim Ukrainaga jang qilishni rejalashtirayotgani yo`q.

AQSh Mudofaa vaziri Loyd Ostin bu hafta Bryusselda NATOda uzoq vaqtdan beri rejalashtirilgan mudofaa vazirlari yig`ilishida ishtirok etishi kutilmoqda. Unda kun tartibining birinchi navbatida Rossiya masalasi bo`ladi. Vise – prezident Kamala Harris ham 18 – 20 fevral kunlari Myunxen Xavfsizlik Konferensiyasida ishtirok etish uchun Evropaga boradi. Rossiya rasmiylari so`nggi o`n yillikda birinchi marta konferensiyada ishtirok etishdan bosh tortgan.

Shuningdek, Germaniya kansleri Olaf Shols ayni daqiqalarda Kievga tashrif buyurgan. U Moskvaga borishdan oldin xavfsizlik masalalari bo`yicha muzokara olib bordi.

Kecha Zelenskiy Bayden bilan telefon orqali gaplashar ekan uni Ukrainaga taklif etdi. Unda «Ishonchim komilki, yaqin kunlarda sizning Kievga tashrifingiz vaziyatni barqarorlashtirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, bu kuchli signal bo`ladi va keskinlikni pasaytirishga hissa qo`shadi», degan Zelenskiy.

Jarayonlar keskinlashar ekan tomonlar imkon qadar vaziyatni diplomatik yo`l bilan hal qilishga urinmoqda.

Ma`lumot uchun: Bundan roppa-rosa 30 yil avval, 1992 yil 14 fevralda Rossiya va Ukraina o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilgan.

Bugungi kunga kelib ikki tomon nizolari kuchayar ekan, davlatlar o`rtasidagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlar nolga teng. Ukraina Rossiya gazini to`g`ridan-to`g`ri sotib olishni, elektr energiyasini import qilishni to`xtatdi. Muntazam havo qatnovi yo`q. Rossiya harbiy samolyotlarining Ukraina uzra uchishi taqiqlangan. Mamlakatlar o`rtasidagi temir yo`l aloqasi deyarli to`xtagan, rossiyaliklarning Ukrainaga kirishiga ruxsat berilmaydi.

Ukraina Rossiya telekanallari va filmlarini translyasiya qilishni, ayrim rus nashriyotlari tomonidan kitoblar sotishni taqiqladi. Bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini Rossiyadan Ukrainaga va Ukrainadan Rossiyaga olib kirish to`xtatilgan. Ukraina hukumati Rossiya banklari va ishbilarmonlariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Moskva bunga javoban Ukrainaga neft va neft mahsulotlarini eksport qilishni va Ukrainadan mashinasozlik, engil sanoat, metallga ishlov berish mahsulotlarini import qilish taqiqlangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар