12 fevral kuni Toshkent vaqti bilan taxminan 18:00 da Ukraina sharqida joylashgan Donesk shahrida portlash bo`lgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma`lumotlarga ko`ra, 152 mmlik snaryad Doneskka kelib tushgan.
11 fevral kuni Evroittifoq, NATO, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Polsha va Ruminiya vakillari bilan bo`lib o`tgan videomuloqotda AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya 16 fevralda Ukrainaga hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirgan, AQSh milliy xavfsizligi bo`yicha prezident maslahatchisi Jeyk Sallivan esa Rossiya Olimpiya o`yinlari tugaguncha, ya`ni 20 fevralga qadar Ukrainaga hujum qilishi mumkinligini bayon qilgan edi.
Ukrainada urush boshlandimi?
Hozircha bu ma`lumot rasman tan olinmadi, xususan Ukraina prezidenti Zelinskiy aholini vahimaga berilmaslikka chaqirib, urush xavfi borligini inkor etdi.
Ammo butun dunyodagi siyosiy kuchlar Ukrainadagi vaziyatni boshlanayotgan urush sifatida baholamoqda. Xususan, NATO bosh kotibi Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Evropada urush xavfi yuqori ekanligini ma`lum qildi.
Bir qator davlatlar o`z fuqarolarini Ukrainani tark qilishga chaqirishdi, ular orasida Yaponiya, Norvegiya, Chernogoriya, Belgiya, Kuvayt, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlar bor.
AQSh Kievdagi elchixonasi xizmati to`xtatilganini ma`lum qilib, o`z diplomatlarini Ukrainadan olib chiqishini ma`lum qildi, Rossiya diplomatlari ham Ukrainani tark etishni boshlashgan.
Latviya esa Ukrainadan boradigan ehtimoliy qochqinlar oqimiga tayyorgarlik ko`rmoqda.
Rossiya va Fransiya prezidentlari Ukrainadagi vaziyatni telefon orqali 1 soatu 40 minut muhokama qilishgani aytildi.
Xo`sh, Ukrainada urush boshlanishi ehtimolining asosiy sababi nimada?
2021 yil noyabrda g`arb ommaviy axborot vositalarida Rossiya Ukraina chegarasida harbiy harakatlarga tayyorlanayotgani haqida xabarlar chiqqan, xususan The Washington Post evropalik va amerikalik amaldorlarga tayanib, «Rossiya g`arbidagi viloyatlarda harbiy texnikalar noodatiy ravishda harakat qilayotgani»ni xabar qilgan edi.
Noyabrda esa Amerika xufiya xizmati evropalik hamkasblarini «Moskvaga xalaqit qilish uchun juda oz vaqt qolgani haqida ogohlantirgani» haqida xabarlar chiqdi.
Rasmiy Kreml esa harbiy texnika va harbiylarni mamlakat ichida harakatlantirish faqat va faqat Rossiyaning ishi ekanligini aytdi va Dmitriy Peskov «Ukraina o`z muammolarini echish uchun yana kuch ishlatish payida» deya bayonot berdi.
Ukrainadagi siyosiy vaziyat va tashqi ta`sirlarni kuzatib, tahlil qilib boruvchi dunyoning bir qancha siyosatchi-ekspertlari Ukraina AQSh va Rossiya o`rtasida o`yinchoq bo`layotgani haqida turli fikrlar bildirib kelishadi, ammo ushbu fikrlar bu davlatlar tomonidan hech qachon tan olinmagan.
Ma`lumot uchun, o`tgan yilning 7 dekabr kuni Rossiya va AQSh prezidentlari Putin va Bayden tomonidan o`tkazilgan ikki soatlik videomuloqotda asosiy mavzu sifatida Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishgan edi.
Shuningdek, bugun ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadan o`n km uzoqlikdagi Valuyki qishlog`i yaqinida ko`plab Rossiya harbiylari bir joyda yig`ilib turgani videosi tarqalgani ortidan Kievda ukrainaliklar «Rossiya agressiyasi»ga qarshi yurish o`tkazishdi.