Amirsoy nazoratchilari nega jurnalistga tahdid qildi? Ular nimani oshkor bo`lishidan qo`rqadi?

11.02.2022 10:02

O`zbekiston Konstitusiyasiga bo`ysunmaydigan yana bir hudud – Amirsoymi?
«Amirsoy» MChJ atrofida odamlardan intervyu olgan rost24.uz muxbiri telefoni maskan nazoratchisi tomonidan olib qo`yilgan va barcha videolari o`chirilgan. Videolarda «Amirsoy»dagi narxlar aholi uchun o`ta qimmatligi haqida norozilik kayfiyatidagi intervyular bo`lgan.

«Amirsoy»MChJ nazoratchilarining aytishicha, maskan atrofida tasvirga olish uchun qo`shimcha to`lovlar bor, qolaversa tanqidiy mazmundagi intervyular taqiqlanadi.

Rost24.uz sayti muxbiri «Amirsoy Ekspress» dor yo`liga sayrga bordi va aholi bilan suhbatdan so`ng ulardan intervyu olishga qaror qildi. Intervyularda dor yo`li narx-navosi haqida salbiy fikrlar yangragach, nazoratchilar muxbirga "hujum" uyushtiradilar. Quyida muxbirimiz bilan sodir bo`lgan hodisa haqida batafsil tanishishingiz mumkin:

Amirsoyda men bilan yuz bergan voqea haqida...

Yaqinda dugonalarim bilan Amirsoyga dam olish uchun bordim. Toshkentda qish qishdek o`tmaganidan keyin qor istab shu joylarga borishga majbur bo`larkansan kishi.

«Amirsoy Ekspress» dor yo`liga chiqish uchun chipta olmoqchi bo`ldik. Kassada navbatda tursam odamlar chiptaning narxini eshitib ortlariga qaytishyapti. Nariroqda sheriklari bilan maslahatlashib yana norozi kayfiyatda chipta olishadi. Odam ko`p. Ba`zilar bir-biri bilan chipta narxlarining qimmatligi haqida gaplashardi. Jurnalistligim tutib ulardan intervyu olmoqchi bo`ldim. Ular ham rozi bo`lishdi. Telefonimga tasvirga ola boshladim.Chiptaxona xodimlari tasvirga tushib qolmasligi uchun o`z respondentlarimni chiptaxona fonida tasvirga olmadim.

Men kurort zonalarga juda qiziqaman va ko`plab kurortlarning narxlari haqida ma`lumotga egaman. O`zbekistondagi dam olish joylari Markaziy Osiyodagi eng qimmatidir. Balki bu uning yangiligi bilan bog`liqdir. Ammo bari bir narxlarning balandligi O`zbekiston sharoitiga to`g`ri kelmaydi, deb o`ylayman,- dedi dam olishga kelganlardan biri.

Yana bir keksa onaxon:

Mening o`g`lim Toshkentda o`qiydi. Uni o`qishga olib kelib, kvartiraga joylashtirib ketishga kelgan edik, aslida. Qo`ymay shu erga olib keldi. Bu kanati ham 140 ming ekan. Bu pulga 70 mingdan Qashqadaryoga borib kelsa bo`ladiku. Mayli, yarmigacha chiqsak ham bo`lar, yarmigacha 70 ming ekan, bizga bo`laveradi - deya fikr bildirdi.

Men yana bir o`rta yoshlardagi, ko`rinishidan yaxshi daromad topadigan bir erkakka savol berdim:

- Chipta narxi qimmatlik qilmadimi?

- Qimmat, albatta. Mana oilaviy kelgandik oyligimning yarmi ketib turibdi. Hali tepadagi xarajatlar qancha. Olmasak ham bo`lmaydi, qaytib ketmaymizku? Majbur shu pulni to`laysan. O`zi bir yilda bir marta kelamiz yo kelmaymiz, - deb javob berdi.

Afsuski, men intervyuni davom ettira olmadim. Chunki shu yaqin atrofdagi nazoratchilardan biri kelib tasvirga olishni to`xtatishimni va u bilan nazoratchilar xonasiga borishimni so`radi. Unga o`zimni tanishtirdim, saytda ishlashim, muxbirligimni aytdim. U so`roq qilinishim kerakligini aytib qattiq turib oldi va kimlargadir voqeani aytib, chamamda qanday yo`l tutish kerakligini so`radi. Majbur nazoratchilar xonasiga kirdim, ammo kirishim bilan telefonimni tortib olishdi. Qarshilik qilsam ham foydasi bo`lmadi. Jurnalist bo`lsangiz hujjatingizni ko`rsating deyishdi. Men esa ularga bu erga dam olish maqsadida kelganimni, hujjatim yonimda emasligini, ammo guvohnomamning rasmini ko`rsata olishimni bildirdim. Nazoratchilar rozi bo`lishmadi va bu erda tasvirga olish uchun qo`shimcha to`lovlar borligini ma`lum qilishdi. Keyin telefonimdagi barcha kadrlarni o`chirib tashlandi.

Dam olishga dugonalarim bilan kelganim sababli, ularning ortiqcha vaqtlarini olmaslik uchun ortiq talashmadim. Ularga hali bu masalada alohida kamera va mikrofon bilan kelishimni aytib chiqib ketmoqchi bo`ldim. Ammo ular telefonimni qaytarib berishmadi, chunki yuqorida ham odamlardan intervyu olishimdan qo`rqishdi. Jurnalist sifatida ruxsatsiz xususiy hududda tasvirga olishim xato bo`lardi. Ammo, men ko`chada intervyu olayotgan edim. Shunday bo`lsada men videoga olmaslik sharti bilan telefonimni qaytarib oldim va xonadan chiqdim. Ammo yuqorida ham oddiy taomlarning, balonda va chang`ida uchishning qimmat narxlarini ko`rib tasvirga olmaslikka va`da berganimdan afsuslandim.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 29-moddasida ham «Har kim o`zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega»ligi belgilab qo`yilgan. To`g`ri, aynan shu moddada «Amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno" ekanligi ko`rsatilgan.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo`lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

«Amirsoy Ekspress» atrofida, maskan xodimlari bo`lmagan odamlardan intervyu olish bilan men kimnidir xususiy mulkiga daxl qilmadim. Ammo, maskan xodimlari meni telefonimni qo`limdan tortib olib, uni titib va ichidagi videolarni o`chirishi esa meni xususiy mulkimga tajovuz bo`ldi. Bu tajovuz uchun albatta, maskan nazoratchilari ustidan ariza yozib, tegishli joylarga murojaat qilishni istardim.

Shuningdek, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunining Axborot olish kafolatlari haqidagi 3-moddasida ham har bir fuqaroning axborot olish huquqi kafolatlanishi, har kimning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, uzatish va tarqatish huquqi davlat tomonidan himoya qilinishi belgilangan.

Shunday ekan so`rovnoma o`tkazayotgan muxbirga va yoki oddiy fuqaroga qarshilik qilishga, uning shaxsiy qurilmasini tortib olishga, u tasvirga olgan videolarni o`chirib tashlashga kimning, qanday haqqi bor?

Bu nazoratchilarning bilimsizlik natijasida yo`l qo`ygan xatolarimi, yoki chipta narxlarining rostdan ham qimmatligi uchun aholining noroziligidan qo`rqib oldi olingan ehtiyot chorasimi?

Izoh: Nazoratchi va muxbir o`rtasidagi suhbat, diktofonga yozib olingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
16
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
14.02.2022 15:52
Амирсой назоратчилари нега журналистга таҳдид қилди? Улар нима ошкор бўлишидан қўрқади? - Nimadan qo`rqardi, bu joylar kimga tegishli ekanligi oshkor bo`lib qolishidan-da
13.02.2022 06:53
Хеч ким бормаса Нима буларкан? Укитувчиларни боришга мажбурласа керак
12.02.2022 20:26
Assalomalekum nazoratcilani bilmi past bolganda u yerga iwga olmasidi owa ozini jirnalistman deb taniwtirgan qiz xec qanday xat xujat korsata olmadi uyda qolgan yonimda yo telfonimda bor deb aladadi afsuskiy telefonidayam yog edi u yerdagi nazoratcila saviyasiz yoki be farq bolganda sizni noqonuniy video olganigizni korib uwlab olmasidi bu yedagi 70 fozi gapla boxyon owa nazoratci men bolaman
12.02.2022 03:44
Eh, bormoqchi bòlib yurgandim, fikrimdan qaytdim. 🙃
11.02.2022 16:24
Haddilaridan oshishibdi