Milliardlab investisiya kiritilayotgan loyihalar yakunlangach ularning narxlari hamyonbop bo`ladimi?
Bosh vaziri o`rinbosari, Turizm va sport vaziri, “Chorvoq” TRZ direksiyasi direktori bu bo`yicha qanday va`da berdi?
“Chorvoq” turistik rekreasion zonasida amalga oshirilgan investisiya loyihalari taqdimoti bo`lib o`tgan bir vaqtda, Rost24.uz muxbiri yuqoridagi savollar bilan Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga yuzlandi.
Vazirning ma`lumot berishicha, 2021-2024 yillar orasida 3 ta yo`nalishda investision loyihalar bo`yicha ishlar amalga oshirilishi ko`zda tutilmoqda ekan. Ikki ming milliarddan ziyod bo`lgan bu loyihalar ichiga dor yo`llari, zamonaviy mehmonxonalar, savdo do`konlari, sanatoriy, akvapark, restoran va xiyobonlarni oladi. Bu loyihalar Rossiya va Fransiya hamkorligida, hamda chet el tajribalarini o`rgangan holda qilinmoqda.
Bunday loyihalar amalga oshirilayotgan bir vatqda masalaning boshqa tarafi ham bor, albatta…
Bu dam olish maskanlaridagi narxlar qanchalik hamyonbop bo`ladi? Bu joylarda o`zimizning aholi ham kelib dam ola oladimi, yoki faqat boylar va chet eldan tashrif buyuruvchi turistlar uchun qilinmoqdami?
Aynan mana shu masala ko`plab OAV nashrlarida ham yoritildi. Toshkent viloyatidagi barcha dam olish maskanlaridagi narxlar oddiy sharoitda yashaydigan inson uchun umuman to`g`ri kelmasligi ko`rinib turgan haqiqat. Masalan, Surxondaryodan kelayotgan oila, albatta, bir kun bo`lsa ham tashrif buyurgan joyida yotib qoladi. Eng arzon mehmonxonani olsak, 4 kishilik oila uchun bir kunning o`zi 1,5 milliondan ziyod pulga tushadi. Albatta bu oila faqat bir kun mehmonxonada dam olib ketmaydi, boshqa qulayliklaridan foydalanadi. Bu qulayliklarning barchasi uchun esa alohida mablag` sarflanadi. Biroq bunday sarf-xarajatni bir oyda bitta oila topa oladimi?
Aksariyat loyihalar faqatgina kam va o`rtacha daromad topadigan oilalar uchun qulay bo`lib qolmoqda. Aniqrog`i sifat xorijniki kabi bo`lmasada, narxlar bemalol chet el bilan bellasha oladi.
Ammo, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov yangi dam olish maskanlari barcha uchun hamyonbop bo`lishiga ishonmoqda.
“Bir nechta loyihani taqdimoti bo`lib o`tdi. Shu jumladan, Chimyon hududi ham fransuz hukumati bilan amalga oshirilayotgan yangi loyihaning ham taqdimoti bo`lib o`tdi. Hozir fransuz arxitektorlari o`zlarining yakuniy takliflarini berishdi. Yakuniy hisob kitoblarga erishdik. Bu loyihani yaqin muddatlarda boshlash arafasidamiz.
Prezidentimizni topshiriqlari bilan ushbu hududda oddiy o`qituvchi, oddiy shifokor ham bemalol kelib oilasi bilan kelib dam olib ketadigan narxlarda bo`ladi. Ya`ni bu erda 4 yoki 5 yulduzli mehmonxonalarda emas, aksincha aholimiz uchun hamyonbop bo`lgan xizmatlarni ko`rsatish joylashtirish vositalari qurilib topshiriladi. Asosan 3 yulduzli mehmonxonalar, bir nechta 4 yulduzli mehmonxonalar va arzon hostellar ham qurilmoqda”, deya so`zini yakunladi vazir.
Yangi loyihalar qurib bitkazilgandan so`ng xizmatlar hamyonbop bo`ladi demoqda, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov. Demak, masala echimi shundaki ko`p yulduzli mehmonxonalar faqat puldorlar uchun, o`qituvchi va shifokorlar uchun esa arzon xostellar xizmat ko`rsatadi.