Samarqandda gaz quvuri ustiga reklama banneri joylashtirilishi oqibatida ko`p qavatli uy portlab ketishiga oz qolgan. Shunga qaramay quvur ustiga yana kattaroq reklama devori o`rnatilmoqda. Hokimiyat vakillari vaziyatni o`rganib, chora ko`rguncha gaz quvuri «chidab» turadimi?
21 dekabr kuni Samarqanddagi Qorasuv shaharchasi, 71-uyning 16-qavati portlab ketishiga bir bahya qoldi. Xonadon bir necha soat davomida gazga to`lgan, uy egasi ishdan qaytganida pod`ezdlardan ham gaz hidi anqiyotganini aytadi.
Gap shundaki, 16 qavatdan iborat bo`lgan 71-uyning tom qismiga sut mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug`ullanuvchi “Pure milky” zavodining ulkan reklama bannerlari joylashtirilgan.
- Bino baland, tepada har doim shamol bo`lib turadi, kechasi-yu kunduzi reklama taxtasining taqir-tuqir ovozini eshitib, ilohim sinib ketmasin, mahkamlangan gaz quvuriniyam sindirib yubormasin, deb, jon hovuchlab chiqaman, - deydi shu qavatda yashovchi xonadoniga gaz to`lgan ayol.
Ma`lum bo`lishicha, shu kuni bilbord (reklama devori) ag`darilib, butun binoni tabiiy gaz bilan ta`minlovchi ulkan quvurni ham sindirib yuborgan. Xonadon egalari uyda bo`lishmagan.
- Ba`zida ikkita yosh bolamni uyda qoldirib, 1-2 soatga ishga borib kelardim, shu kuni yaxshiyam uyda bolalarimni qoldirmagan ekanman, bo`lmasa nimalar bo`lardi tasavvur ham qilolmayman, - deydi ayol.
Gaz quvurlari bino tomidan tushirilgan. Bilbord esa (qaysi aql bilandir) tinimsiz shamol esib turadigan shunday balandlikda, gaz quvuriga katta temir ustunlar bilan mahkamlangan. Xonadon egasining aytishicha, shu kuni eshiklarni ochib, shirkatga bu haqda xabar berib, nosozlik bartarf etilgunicha to`rt soat davomida farzandlari bilan tashqarida sovuqda yurgan.
16-qavatda 5 ta xonadon istiqomat qiladi. Uy egasining ma`lum qilishicha, ular ilgari ham bir necha bor bu masalada murojaat qilishgan, hatto bilbordni kichikrog`iga almashtirishni iltimos qilib ko`rishgan, ammo hech qanday munosabat bildirilmagan. Aksincha, avvalgidan ikki baravar kattaroq bilbord o`rnatib ketilgan. Shirkatdagilar bunga zavod egalari javobgarligini aytishgan, zavoddagilar esa doimgidek tinchlantiruvchi gap-so`zlar bilan o`z ishlarida davom etishgan. Oqibat esa, fojeali bo`lishi mumkin edi...
Ma`lum bo`lishicha, mazkur binoga singan bilbord o`rniga yanada kattarog`i o`rnatilmoqda, ishchilar o`rnatish ishlarini allaqachon boshlab yuborishgan. Xonadon egalari bundan nihoyatda norozi.
- Yana avvalgidek gaz quvurini sindirsa, yoki uyim yonib ketishiga sabab bo`lsa, o`zi xavfsizlik qoidalariga amal qilmagan, shu sababli, deb o`zimga ag`darib qo`ya qolishadimi? – deydi ayol.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun zavod mas`ullari bilan bog`langanimizda, o`zini Yusuf, zavod direktori deb tanishtirgan shaxs shahar hokiimiyatidan ruxsatnomasi borligini, istagan joyimizga, istasak viloyat hokimiga murojaat qilishimiz mumkinligini ma`lum qildi. Masala yuzasidan uchrashib suhbatlashib olish uchun mazkur binoga kelishni bir necha marta va`da berib, kelmadi. Oxiri ko`ng`iroqlarimizga javob bermay, telefonlarni o`chirib qo`ydi. Shahar hokimi tomonidan bilbord joylashtirish uchun bergan ruxsatnoma nusxasini telegram orqali yuborishni va`da bergan edi, ammo takror-takror so`rovlarimizga qaramasdan hech qanday ruxsatnoma yuborilmadi.
Viloyat hokimi nomiga yozilgan arizaga, 10 kuncha vaqt o`tgan bo`lsa-da, hozircha hech qanday munosabat bildirilmadi. Bilbord esa o`rnatib bo`lindi.
Ma`lumot o`rnida: O`zbekiston Respublikasining “Reklama to`g`risida”gi qonunida tashqi reklamani xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilmasdan joylashtirishga javobgarlik belgilab qo`yilgan.