Rossiya Davlat Dumasining MDH ishlari bo`yicha qo`mitasi raisi Leonid Kalashnikov O`zbekiston KXShTga qaytishga majbur bo`lishidan umidvor.
U “Interfaks”ga bergan intervyusida "O`zbekiston bir paytlar KXShTdan chiqqan edi, lekin u tashkilot safiga qaytishi mumkin. Ular hech kimga suyana olmasliklarini ko`rgach, tashkilotga qaytishlarini istisno qilmayman", dedi.
So`nggi vaqtlarda O`zbekistonni EOII va KXShT tarkibiga qayta qo`shib olishga psixologik tahdidlar oshkora sezilmoqda. Biroz avval Ukraina prezidenti Lukashenko Qozog`istondagi voqealardan saboq chiqarilmasa, bu holat O`zbekistonda qaytarilishi mumkinligi, “ekstremist”larning nigohi hozirda O`zbekistonga qaratilgani haqidagi fikrlarini oshkor qilgan edi.
Bir nechta davlatlar ittifoqi hisoblansa-da, Rossiya tasarrufida bo`lgan ushbu ikki tashkilotga O`zbekistonni to`laqonli a`zo sifatida qo`shib olishga oshkora va pinhona urinishlar ko`p marta kuzatilgan. Oxirgi paytlarda Putin hukumatining MDH davlatlariga ta`sir o`tkazishga bo`lgan harakatlari yaqqol sezilmoqda.
O`tgan yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Andrey Rudenko “Qirg`iziston va Armanistonda iqtisodiy rivojlanish ro`y berayotganini, ushbu tashkilotga a`zolikdan keladigan foydalarni” misol qilib, O`zbekistonni EOIIga to`laqonli a`zo sifatida qo`shilishga undagan edi.
Shuningdek, so`nggi paytlarda, g`arb elitasida Putin sobiq tuzumni qayta tiklash niyatida ekani haqidagi xavotirlar ham avj oldi.
Xususan, SSSR parchalanganining 30 yilligi arafasida AQSh davlat kotibi o`rinbosari Viktoriya Nuland Senatdagi eshittirishlarda Vladimir Putin Sovet Ittifoqini qayta tiklashi va bu orqali tarixga kirish niyatidan tashvishda ekanligini bildirgan.
Yaqinda Putinning Bayden bilan muzokaralar chog`ida NATOga avval sobiq tuzum tarkibida bo`lgan hudud ishlariga aralashmaslik ultimatumini qo`yganini va Ukrainaga nisbatan bo`layotgan holatlarni hisobga oladigan bo`lsak, bu gumonlar haqiqatga yaqin bo`lishi mumkin. Ammo, Putin bu fikrlarga javoban SSSRni qayta tiklashdan hech qanday ma`no yo`qligi va bu maqsadsiz harakatdan boshqa narsa emasligini aytib o`tgan.
O`zbekistonning Leonid Kalashnikov aytganiday, hech kimga suyana olmasdan KXShTga qaytishga majbur bo`lish ehtimoli mavjudmi?
Ammo O`zbekiston rahbariyati ertaga Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etilishi kutilmoqda va O`zbekiston hukumati tomonidan Kalashnikov so`zlarini isbotlovchi biron bir harakat yoki munosabat hozircha sezilgani yo`q.