"Qatag`on qurbonlari xotirasi" muzeyi katta ilmiy xodimi Bahrom Irzaev bu oqlovlar yana davom etishi, bu hali boshlanishi ekanligini ta`kidlamoqda.
Kecha O`zbekiston Respublikasi Oliy sudida 120 nafar bosmachilikda ayblangan ajdodlarimiz ishi ko`rib chiqildi. Oliy sudga 2021 yil dekabr oyida 120 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi kelib tushgan edi.
Ushbu ajdodlarimiz Markaziy Osiyodagi birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB), uning qoshidagi Uchlik kengashi hamda Rossiya Federativ Sovet sosialistik Respublikasi Oliy inqilobiy tribunali Turkiston Sovet respublikasi Oliy inqilobiy tribunali tomonidan aybli deb topilgan.
Ularga nisbatan kelib tushgan 6 ta jinoyat ishi quyidagilar:
1. Xorijiy mamlakatlar yoki ijtimoiy guruhlar foydasiga og`ish aybi bilan - Mirza Ibragimov Mir Ashur va boshqalar (jami 43 kishi);
2. Banditizm aybi bilan - Appax Xodja Asqar Xodjaev va boshqalar (jami 40 kishi);
3. Aksilinqilobiy, maxfiy tashkilotni tuzganligi hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganligi uchun - Abdurahimov Mirza Xodja va boshqalar (jami 15 kishi);
4. Uchik kengashining 1930 yil 25 yanvaridagi bayoniga ko`ra 5 kishi;
5. Xuddi shu ayb bilan O`rta Osiyodan surgun qilingan va mol mulki musodara qilingan - Safaron Tog`ay Amin va boshqalar (jami 12 kishi);
6.Sharif Xodjaev Sadriddin Xon va boshqalar (5 kishi).
2022 yil 6 yanvar kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o`rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o`tkazilgan ochiq sud majlislarida ko`rib chiqilib, keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasiga asosan oqlandi.
Bu ajdodlarimizdan avlodi Muqaddas Rahmatova, Muhammad Niyoz o`g`li Rustambek bobo nevarasi. Bu inson juda ham xursandligi, mana necha asr vaqt o`tsa ham bobosi oqlanganligidan minnatdor ekanligini bot-bot takrorladi.
"Bobomni juda ham qiynashgan. U inson ziyoli edi, madrasalarda dars berar edi. Lekin bari bir ham sho`ro tuzumining o`ljasiga aylangan", dedi M.Rahmatova.
"Qatag`on qurbonlari xotirasi" muzeyi katta ilmiy xodimi Bahrom Irzaev tarixchi sifatida bu oqlov jarayoni yana davom etishini, keyingi safar kamida 300 nafar ajdodlarimizni oqlanishini ta`kidladi.
"Buxoro amirining kuyovi, amakilari, dodxohlar, eng yirik ulamolar hozirgi oqlanayotganlar tarkibida edi. Hammasi amirning yonida bo`lgan. Ularni kim dushman sifatida yo`q qildi, bu sho`ro tuzumi. Buxoroni rivojlanishini xohlamaganlari uchun bu ishni amalga oshirishgan. Sudda bu narsalar bo`hton yo`li bilan bo`lganligi tasdiqlandi. Ularda hech qanday jinoyat alomati yo`q deyishdi. Ularning avlodi qirib tashlangan o`sha vaqti. Hozir biz topa olishimiz juda murakkab. Katta xonadonlardan yuz yil o`tib bironta avlodini topolmaslik bu fojia. Avgustda 115 nafar, hozir 120 nafar ajdodimiz oqlandi. Hali bu boshlanishi. Qo`qon xoni avlodlari, Xiva xonligi avlodlari bor. Biz varaqni endi ochdik. Ularning barchasini oqlaymiz", deya fikrini yakunladi tarixchi Bahrom Irzaev.
Yillar davomida yuzaga chiqmay kelgan haqiqatlarning barchasi ochiqlanmoqda...