Yangi yil ta`tilida talabalar uylariga borib-kelishida muammolar bo`lmaydimi?

23.12.2021 16:48

Mutasaddilar qanday chora ko`rishgan?

Talabalarning ta`tili yaqin, bu vaqtda bir hududdan boshqalariga borish uchun transport xizmatlariga talab oshadi. Xususiy taksilar narxi ham ko`tariladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bo`lgan muhokamalarda qayd etilishicha, Afrosiyob poezdiga http://e-ticket.railway.uz saytidan chipta sotib olishda biroz uzilishlar bo`lgan. 

"Sotuvda hammasi bor nechta joy qolganini ham ko`rsatayapti, lekin pul to`lashga kelganda saytdan chiqarib yubormoqda", - deydi murojaatchi.

Bunga javoban fikr bildirganlarning qayd etishicha, bugungacha sotib olganlar bunday muammoga duch kelishmagan.

Biz ham buni o`rganish uchun onlayn chipta sotib olmoqchi bo`ldik va haqiqatdan ham sotib olishda to`lov tizimiga o`tilganda uzilish ro`y berdi. Joylar borligini ko`rib, to`lovgacha bo`lgan ma`lumotlarni bemalol to`ldirdik, «Potverdit zakaz» tugmachasi esa ishlamadi.

Keyin, boshqa usuldan foydalandik va avval shaxsiy kabinetga kirib, keyin bilet tanlanganda bilet olishda muammo bo`lmadi.

Bayram arafasida transport vazirligi qanday imkoniyatlar yaratish ustida ishlayapti? Qo`shimcha reyslar qo`yilayaptimi?

Shu savol bilan Transport vazirligi axborot xizmatiga murojaat qilganimizdan so`ng, Navro`z Ashurmatovning bergan javobiga qaraganda barcha transport turlarida qo`shimcha xizmatlar taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Poezdda ketmoqchi bo`lganlar uchun:

“O`zbekiston temir yo`llari” AJ – 2021 yil 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha “Toshkent-Buxoro-Toshkent” yo`nalishida 770/769-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poezdlarining qatnovini yo`lga qo`yadi.

Hozirgacha faqat haftaning juma, shanba va yakshanba kunlari soat 09:02 da Toshkent markaziy temir yo`l vokzalidan harakatini amalga oshirib kelayotgan 770-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poezdi, 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha har kuni soat 09:02 da “Toshkent-Buxoro” yo`nalishida qatnovini amalga oshiradi.

Shuningdek, 769-sonli “Afrosiyob” zamonaviy poezdi ham 27 dekabrdan 2022 yil 9 yanvargacha har kuni soat 15:02 da “Buxoro-Toshkent” yo`nalishida qatnovini amalga oshiradi.

Ushbu poezdlar Samarqand, Navoiy temir yo`l vokzallarida ham to`xtab o`tadi.

Bundan tashqari bayram kunlari barcha yo`lovchi poezdlarga qo`shimcha vagonlar ham ulanadi.

Samolyotda ketmoqchi bo`lganlar uchun:

Uzbekistan Airways yangi yil arafasida – 2021 yilning 29 dekabridan 31 dekabriga qadar Toshkentdan Nukus, Urganch va Buxoro shaharlariga qo`shimcha qatnovlarni yo`lga qo`yadi.

Narxlar nisbatan arzon bo`lgan avtobuslarda ketmoqchi bo`lganlarga:

Yangi yil bayramida yo`lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda Toshkent avtovokzalidan yo`nalishlar bo`yicha qo`shimcha avtobuslar ajratilmoqda.

Talabalar uchun alohida chiptaxona:

"Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy Universiteti asosiy binosining birinchi qavatida chiptaxona tashkil qilindi", – deydi Ashurmatov.

Rost24 muxbirlari bu imkoniyatlar haqiqatdan ham yo`lovchilarga engillik yaratyaptimi yoki faqat e`lonlaru, ma`lumotlarda ular aks etganmi o`rganib, tez orada reportajlarni e`tiboringizga havola etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
25.12.2021 18:52
Узбекистонда водий деган жой хам бор.