Aholining "Tashkent City" majmuasiga kirishi pullik bo`ldi. Ya`ni, kattalar uchun chipta narxi — 10 ming so`m, bolalar uchun — 5 ming so`m, engil avtomobilda kirish — 20 ming so`m etib belgilandi.
Poytaxtdagi eng muhtasham bog`, deya tariflanayotgan hududni tomosha qilish uchun belgilangan bu me`yorlar ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik uyg`otmoqda. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev Rost24.uz muxbiriga ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
– “Tashkent Sity”ga kirishni pullik qilishga hokim sifatida qanday qaraysiz?
– Parklarni saqlab turishning boshqacha chorasi yo`q. Misol uchun, shuncha daraxtlar ekilgan, shuncha energiya ketadi, boshqachasiga bilmayman, qanday bo`ladi.
– “Tashkent Sity”ning qurilishga xarajat ham ko`p ketganmi?
– Ancha xarajat ketgan. Buni saqlab turishning o`zi qiyin masala.
– Bularni saqlab turish uchun bir oyda qancha xarajat ketadi?
– 900 million so`m ketadi. Bir kunda har bitta fontanni otilishiga 1 million ketadi.
– Buning uchun byudjetdan pul ajratilmaydimi?
– Byudjetdan pul ajratilmaydi. Chunki soliq to`lovchilar kirsa-kirmasa pul to`lamaydi-ku, to`g`rimi? Kirgani to`lasa, shunda adolatli bo`lsa kerak. Ya`ni byudjet soliq to`lovchilarning hisobiga shakllanadi. Odamlarda haqli ravishda savol tug`iladi: “Umuman “Tashkent Sity”ga kirmasam nima uchun men to`layotgan soliqdan pul to`layapsilar”, deyishi mumkin. Shuning uchun o`zini-o`zini boqqani aktual, menimcha.