25 dekabr kuni "Humo Arena" kompleksida o`tishi kerak bo`lgan "Tik Tok Fest" shou-konsert dasturi ijtimoiy tarmoqlarda kattagina e`tirozlarga sabab bo`lgandan keyin bekor qilindi.
Ushbu «ultrazamonaviy» Tiktokerlar konserti bekor bo`lgani ma`lum qilingandan keyin Madaniyat vazirligi "bu masala bizga tegishli emas" degan mazmunda munosabat bildirdi:
O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidiy-tahliliy mulohazalarga sabab bo`lgan, 25 dekabr kuni "Humo Arena" kompleksida bo`lib o`tishi e`lon qilingan "Tik Tok Fest" shou-konsert dasturi yuzasidan vazirlikka qaratilgan fikr-mulohazalarga javoban quyidagilarni ma`lum qiladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PF- 6044-son Farmoni 2-ilovasi 32-bandiga muvofiq, konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish vakolatli bo`lgan —Ichki ishlar vazirligi, Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Shu asosda, konsert-tomoshalarning saviyasi, mazmun-mohiyati, g`oyasini tahlil qilish, tomosha bo`yicha yakuniy xulosalar berish ham Mahalliy ijroiya hokimligi huzurida tashkil etilgan tuzilmaning vazifasi hisoblanadi.
Shuningdek, yuqoridagi kabi shou-konsert tomoshalarini tashkil etish Madaniyat vazirligi tomonidan emas, xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bois, Madaniyat vazirligi "Tik Tok Fest" shou-konserti yuzasidan barcha savol va mulohazalarni yuqorida keltirib o`tilgan vakolatli mutasaddi organlarga yo`llashni tavsiya qiladi.
Darhaqiqat, O`zbekiston hududida o`tkaziladigan har qanday madaniy-ma`rifiy tadbirlar, shou-tomoshalar hamda konsert dasturlari o`zbek xalqi milliy mentaliteti, axloqiy tarbiyasi, tarixan boy madaniyati, yoshlar dunyoqarashi bu kabi shou-dasturlarni aslo qabul qilmaydi. Madaniyat vazirligi "Tik Tok Fest" shou-konsertini ma`naviy jihatdan yoshlar ongiga, dunyoqarashiga salbiy ta`sir etadi, deb hisoblaydi. Zero, bir necha ming yillardan buyon shakllanib, qon-qonimizga singib ketgan insoniy fazilatlar, odob-axloq me`yorlari ta`sirida paydo bo`lgan tarbiyamiz ham buni rad etadi.
O`ylaymizki, bu kabi ommaviy tadbirlarni tashkil etayotgan mutasaddilar ana shu jihatlarni hisobga olib, bu masalaga jiddiy yondashadi.