TAHLIL: Zoir Mirzaev Toshkent viloyatini Qashqadaryo darajasiga olib chiqish uchun keldimi?

18.11.2021 16:17

Qashqadaryo viloyatining bu hokimi kimning xotirasida qanday qolgani bizga ma`lum emas, ammo uning ortida viloyatda bir dunyo echilmagan muammolar qolmoqda.

Bugun Zoir Mirzaev Toshkent viloyatiga hokim etib tayinlandi. Qashqadaryo viloyati hokimligidan poytaxtga yaqinroq viloyatga kelgan Zoir Mirzaev avvalgi hokimlik davrida viloyatni obod qila olganmidi? Rost24.uz axborot sayti muxbirlari Mirzaevning markazga yaqinlashishini oqlaydigan ishlarini va Qashqadaryo hokimligidan Toshkent viloyatiga o`tkazishda qanday mantiq yashiringanini topishga urinib ko`rdi.

Ikki yil ichida bir viloyatni o`zgartirish va rivojlantirishda katta ishlar qilish mumkin. Agar mumkin bo`lmaganda, balki yuqorida hokimlar bu qadar tez almashtirilmagan bo`larmidi. Axir, Zoir Mirzaev kuylagan maqomlari yoki otda yurib ko`pkari o`ynashlari bilan poytaxtga yaqinlashmagandir.

Shov-shuvli ketish

Zoir Mirzaeving yangi lavozimi ijtimoiy tarmoqlarda yaxshigina shov-shuv bo`ldi. Uning Qashqadaryo hokimligiga tayinlanishi ham juda ko`p e`tirozlarga sabab bo`lgandi. Chunki, Zoir Mirzaev Bosh vazir o`rinbosari bo`lgan vaqtida Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanida olti kishini majburan suvga tushirgani uchun jamoatchilik muhokamasiga sabab bo`lgan va Prezident Shavkat Mirziyoevning Farmoni bilan Mirzaev Zoir Toirovich O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari — O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo`jaligi, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etilgan. Biroq Farmonda Zoir Mirzaevning ishdan olinishiga sabab qilib "g`alla ekish va sug`orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`ygani" ko`rsatilgan va aynan Oqqo`rg`onda fermer va mahalliy rasmiylarni suvga tushirishga majburlagani haqida gap ketmagan.

Shundan so`ng Zoir Mirzaev chekka bir tuman hokimi, bir yil o`tmay Qashqadaryo viloyati hokimi etib tayinlandi. Bu jarayonni Milliy Mass-media rahbari Komil Allamjonov o`zining “Allamjonov aybdor” kitobida quyidagicha eslaydi: “Mirzaev ishdan olinib, chekka bir tumanga hokim qilib qo`yildi. Uning qo`l ostida ishlab yurganlar endi unga rahbar bo`lib qoldi. Bu juda og`ir, ammo adolatli saboq edi.
…Zoir Mirzaev bir yil ichida yana Prezidentning ishonchini qozonib, viloyatga hokim bo`lib qaytdi”. Biroq Allamjonov ham u aynan qaysi ishi, amallari uchun Prezident ishonchini qozonganiga aniqlik kiritib o`tmagan.

Qashqadaryo ishsizlik bilan maqtana oladimi?

Ishsizlik darajasi eng yuqori ko`rsatkichi Qashqadaryoda bo`lib (9,4 foiz) va qashqadaryolik yoshlarning 26 mingdan ortig`i ishsiz hisoblanadi. Noto`g`ri sug`orish oqibatida erlarning 45 foizi sho`rlangani, aholining atigi 50 foizi ichimlik suvi bilan ta`minlangani, viloyatning 88 maktabida «smena» ko`rsatkichi yuqori, lekin bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgan bo`lib, sog`liqni saqlash tizimida ham 1000 dan ortiq shifokorlar etishmasligi tahlil qilingan. Shuningdek, viloyat hokimining kichik biznes vakillari bilan etarlicha muloqot qilmayotgani tanqid ostiga olingan.

Viloyatning bu ko`rsatkichlari sabab, Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil aprel oyida Qashqadaryoning bir necha mas`ullarini ishdan bo`shatgan va Zoir Mirzaevga  “Xayfsan” bergandi. Shuningdek, agar chorak yakunigacha viloyatda o`zgarish bo`lmasa, qat`iy ogohlantirish olganlar ishdan bo`shatilishi aytilgan. Oradan chorak vaqt o`tsa-da, Qashqadaryodagi ishsizlik o`zgarmadi, muammolar kamaymadi…

Biroq oradan o`tgan vaqt ichida hukumatning Zoir Mirzaevga nisbatan munosabati o`zgargan ko`rinadi. Prezident Qashqadaryoga qilgan saylov oldi safarida qashqadaryoliklarga qarata “Mana tanlab-tanlab, boshqa joydan, tajribali hokim olib keldimki, endi bunday yashab bo`lmaydi. Oldingi viloyat hokimi hech baloni qilolmadi, odamlarni ishontirolmadi, ergashtirolmadi”, deya Zoir Mirzaevga ishonishini bildirgan.
Zoir Mirzaev “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida “Qani endi imkoni bo`lsa-yu, qashqadaryoliklar bilan uzoq vaqt ishlasam. Lekin baribir rahbar sifatida har qanday vazifaga tayyor turganman. Va takror bo`lsa-da aytamanki, rahbar sifatida to`rt-besh kishining yuragida qolsam yoki qilgan ishim uning xotirasida qolsa, menga shu kifoya”, degan edi. Bugun Qashqadaryo viloyatida hokim kimning xotirasida qolgani bizga ma`lum emas, ammo uning ortida bir dunyo echilmagan muammolar qolmoqda.

Eslatib o`tamiz, Zoir Mirzaev Qashqadaryo hokimi bo`lgunga qadar  Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimi, — Samarqand shahar hokimi (2008-2010), Samarqand viloyati hokimi (2010-2016), Bosh vazir o`rinbosari  (2016-2018), Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi(2018-2019) vazifalarida ishlagan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
19.11.2021 02:25
Ko'targanimi, tushurganimi? Nima bo'lsa ham oxiri baxayr bo'lsin. Maslahatim, ko'proq eshak va ot tayyorlab qo'ying~ot hokimga, eshaklar homiladorlarga. Oqqo'rg'onliklarga sabr tilayman
19.11.2021 00:42
Кадини урсин
19.11.2021 00:40
Отда йурган хар кандай одам ешак минади,лекин ешак миниб йурган хар кандай одам хам от мина олмайди...
18.11.2021 23:56
Рахмат сизга хакикатни ёзганингиз учун