O`zbekiston tarixida ayollar o`rtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Mo`minova va uning singillari – grossmeyster Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar O`zbekiston shaxmat terma jamoasidan chetlatilgan edi.
Hozirda qizlarning kichigi – Gulruhbegim AQSh terma jamoasining etakchi shaxmatchisi hisoblanadi. Ma`lum bo`lishicha, qizlarning terma jamoadan chetlatilishi shaxsiy sabablar bilan bog`liq ekan.
Tohirjonovalar oilada uch qiz. Qizlarning kattasi – Nafisa xalqaro grossmeyster maqomini olgan ilk o`zbekistonlik ayol.
Qizlarning otasi tadbirkorlik bilan shug`ullanadi, u qizlarining murabbiylar va xalqaro musobaqalar uchun ketadigan xarajatlarini hamma vaqt o`zi qoplagan. Bu uch nafar sportchi qiziga oz bo`lmagan miqdorda pul sarflagan.
Ma`lum bo`lishicha, shaxmat federasiyasi rahbarining qizi (Taxmina Turdalieva, o`sha paytdagi rahbar Husan Turdalievning qizi) ham shaxmat musobaqalarida qatnashadi. Biroq har doim opa-singillarga mag`lub bo`ladi. Shundan federasiya va opa-singillar o`rtasidagi munosabat u qadar yaxshi emasdi.
Federasiya bilan keskin munosabat 2014 yilda – uchala opa-singil reyting bo`yicha Olimpiada terma jamoasi a`zosiga aylanganda yanada jiddiylashadi.
Olimpiadaga saralashlarda g`olib chiqqan uchala qizdan faqat bir nafari, xalqaro grossmeyster Nafisa Mo`minova bora olishi aytiladi. Opa-singillar bunga izoh talab qilib, qaysi qoidalarga ko`ra bir oiladan uch kishi bora olmasligini so`rashadi. Federasiya bu haqda aniq tushuntirish bermaydi. Opa-singillar bu adolatsiz qarorga qarshi chiqadi va o`z kuchlarini barchaga ko`rsatib qo`yish uchun ochiq ravishda qo`shimcha o`yin tashkil qilishni taklif qiladi. Agar opa-singillarning o`rniga olimpiadaga borishi belgilangan qiz 10 o`yindan birortasida bo`lsa ham Gulruhbegimni engsa, uning olimpiadaga borishiga norozi bo`lmasliklarini aytishadi. Federasiya o`yin o`tkazishni rad etadi. Oxir-oqibatda uchala opa-singil ham olimpiadada ishtirok etishdan bosh tortadi.
Qizlar keyingi barcha yillarda ham turli musobaqalarda g`oliblikni qo`lga kiritishgan, kenja qiz Gulruhbegim hatto Jahon chempionati yarim finaliga qadar etib borgan, ammo aeroportda uni hech kim kutib olmagan, uning muvaffaqiyatlariga e`tibor berilmagan.
Yillar o`tib, oxir-oqibatda Gulruhbegim AQSh shaxmat federasiyasidan bo`lgan taklifni qabul qilgan. Qizlarning otasi Alisher Mo`minov AQSh federasiyasi qiziga barcha sharoitlarni yaratib berayotganini aytadi. AQSh Gulruhbegimning olti yillik o`qishi uchun 150 ming dollar mablag` ajratgan. Barcha xarajatlari, xususan, musobaqalarga borish xarajatlari ham qoplab berilmoqda, murabbiylar bilan ta`minlanmoqda. Alisher Mo`minov O`zbekiston shaxmat federasiyasiga bunday o`yinchilar kerak emas deb hisoblaydi.
Yaqinda Ravshan Ermatov Tohirjonovalar haqida gap ketganda, vazirlikda bu masala muhokama qilinayotganini aytgan edi.