AQSh Davlat departamenti 2022 yil uchun Green Card lotereyasidan ro`yxatdan o`tish 7 oktyabr kuni rasmiy ravishda ochilishini e`lon qildi. Hukumat ma`lumotlariga ko`ra, 55 mingta grin-karta o`ynaladi.
Diversity Visa dasturi immigrasiya darajasi past bo`lgan mamlakatlar chet el fuqarolariga AQShda besh yilgacha qonuniy ravishda doimiy yashash imkoniyatini beradi.
Arizalarni elektron shaklda 7 oktyabr kuni soat 12:00 dan 2021 yil 10 noyabr soat 12:00 gacha topshirish mumkin.
Anketani istalgan kishi, hatto ingliz tilini boshlang`ich darajada biladiganlar ham to`ldirishi mumkin. Buning uchun immigrasiya bo`yicha advokat xizmatlari ham talab qilinmaydi.
Green Card lotereyasining 2021 yilgi g`oliblari butun dunyo bo`ylab topshirilgan 6 741 128 ta arizadan tasodifiy ravishda tanlab olingan. Unda ishtirok etish istagida bo`lganlar 2020 yilga (14 milliondan ortiq kishi) qaraganda kamroq bo`lgan. O`zbekistondan 5319 kishi ushbu lotereyada o`ynash uchun ariza topshirgan.
Grin-karta yutish nima beradi?
Lotereyaning rasmiy nomi – «Turli millat vakillari uchun immigrasiyaviy viza dasturi» (Diversity Immigrant Visa Program). Dastur AQShda 1990 yilda qabul qilingan qonun asosida yo`lga qo`yilgan.
G`oliblar keyingi jarayonlardan muvaffaqiyatli o`tgan taqdirda, AQShda doimiy yashash, qonuniy ishlash va 5 yildan so`ng AQSh fuqaroligini olish uchun ariza berish imkoniyatiga ega bo`ladi. Umuman, grin-karta egalari saylovda ovoz berish huquqidan tashqari, AQSh fuqarolariga berilgan aksariyat huquqlardan foydalana oladi.
Nechta viza beriladi?
Har yili AQShga immigrasiya ko`rsatkichlari kam bo`lgan davlatlar fuqarolariga immigrasion viza uchun lotereya o`ynaladi. Dastur asosida yiliga 55 ming nafargacha xorij fuqarosi AQSh rezidenti maqomini oladi.
2019 yilda dunyo bo`yicha 6 741 128 ta ariza kelib tushgan. Bu – avvalgi yillarga qaraganda 2 barobarga kam. Boisi, o`tgan yili dastur qoidalariga firibgarlikni cheklovchi yangi shartlar kiritilgan edi.
Vizalar oxirgi 5 yil ichidagi immigrasiya ko`rsatkichlari asosida, 6ta mintaqa orasida taqsimlanadi. Immigrasiya ko`rsatkichlari pastroq hududlarga ko`proq vizalar ajratiladi.
O`zbekistondan necha kishi grin-karta yutadi?
2017 yilda O`zbekiston fuqarolaridan 1,8 millionta, 2018 yilda 1,7 millionta, 2019 yilda esa 466 480 ta ariza kelib tushgan. Eslatib o`tamiz, o`tgan yili dastur qoidalari o`zgargach, O`zbekiston fuqarolaridan xorijga chiqish pasportini olish talab etilgan edi.
Lotereyada g`olib deb topilganlarga kelsak, 2016 yil may oyida 4501 nafar, 2017 yil mayida 4494 nafar o`zbekistonlikka yutuq chiqqan. Ammo g`oliblarning barchasiga ham grin-karta nasib etavermaydi. 2017 yilda 3199 nafar, 2018 yilda 2058 nafar, 2019 yilda 823 nafar O`zbekiston fuqarosi DV dasturi orqali AQShda doimiy yashash huquqini qo`lga kiritgan.
2010-2019 yillarda (10 yil ichida) 27 563 nafar o`zbekistonlikka grin-karta berilgan, bu yiliga o`rtacha 2755 kishi demakdir (bu erda aynan DV lotereyasi orqali olingan grin-kartalar haqida gap ketmoqda; ma`lumot uchun, grin-karta olishning boshqa yo`llari ham bor).
Kimlar ariza topshira oladi?
Nomzodlarga qo`yiladigan asosiy talablar 2ta:
- Fuqarolari dasturda qatnashishiga ruxsat berilgan davlat fuqarosi bo`lish;
- Eng kamida maktabni tamomlagan bo`lish (yoki oxirgi 5 yil ichida 2 yillik ish tajribasi – bu AQShdagi kasblar klassifikatoriga muvofiq aniqlanadi).
Lotereya qanday o`ynaladi?
Omadini sinab ko`rmoqchi bo`lganlar belgilangan davrda dvprogram.state.gov sayti orqali ariza-anketa to`ldirib, shu orqali o`yin ishtirokchisiga aylanadi. Bu mutlaqo bepul.
Anketa to`ldirish uchun ro`yxatga olish davrining oxirgi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi. Dunyo bo`ylab talab yuqoriligi sabab dvprogram.state.gov sayti ishlashida muammolar paydo bo`lishi mumkin.
Xuddi shuningdek, arizalar qabuli boshlanishi bilanoq anketa to`ldirish ham eng yaxshi usul emas. Masalan, o`tgan yili texnik xatolik sabab birinchi bo`lib ariza berganlarning arizalari bekor qilingan va ularga qaytadan anketa to`ldirish huquqi berilgandi.
G`oliblar qachon e`lon qilinadi?
Yutuq chiqqan-chiqmaganini tekshirish uchun ariza topshirilganidan keyin beriladigan tasdiqlov kodini saqlab qo`yish kerak. Natijalar 2021 yil 8 may kuni dasturning yuqorida ko`rsatilgan saytida e`lon qilinadi.
G`oliblarda viza olish uchun 2022 yil 30 sentyabrgacha muhlat beriladi.
Tanlangan nomzodlar keyingi bosqichda AQSh konsulxonasiga murojaat etishi zarur. Ularni hujjatlar bilan bog`liq murakkab jarayonlar kutadi (konsulxona beradigan anketadagi savollar soni yuzdan oshadi). Va albatta, xarajatlar ham: konsullik-viza yig`imi, tibbiy ko`rik, hujjatlarni ingliz tiliga tarjima qilish va hokazo.
Lotereya g`olibi bo`lish viza olasiz degani emas
Tanlangan nomzodlar may oyida e`lon qilingach, ular keyingi yilning 30 sentyabriga qadar viza rasmiylashtirib ulgurishi kerak. Ammo shunday holatlar ham bo`ladiki, yutuq chiqqanlarning yarmigacha qismi grin-kartani qo`lga kirita olmaydi.
Bunga sabablar – hujjatlardagi xatolar; viza olish xarajatlari va AQShga etib borib u erda dastlabki oylarda yashash uchun etarli mablag`ning yo`qligi; eng oxirgi bosqichda esa suhbatdan o`ta olmaslik va hokazo.
Yana bir sabab – shunchaki kech qolish. Hatto barchasini to`g`ri qilgan taqdiringizda ham, suhbatga kirish navbatingiz kelgunicha sizning davlatingiz uchun ajratilgan kvota to`lib qolishi mumkin. Chunki AQSh Davlat departamenti turli sabablar bilan keyingi bosqichdan o`ta olmaydigan nomzodlar ham bo`lishini inobatga olib, ajratilgan kvotadan ko`proq kishini g`olib deb e`lon qiladi.
G`oliblar AQShga o`zi bilan birga kimni olib ketishi mumkin?
Tanlangan nomzodlarning qonuniy eri yoki xotini, shuningdek 21 yoshga to`lmagan va hali oila qurmagan bolalari ham g`olib bilan birga AQShga yo`l olish uchun konsulxonaga ariza berish huquqiga ega.
G`oliblarning ota-onasi, aka-ukasi yoki opa-singlisida bunday huquq bo`lmaydi.
Ta`kidlash kerakki, lotereyada g`olib chiqish ehtimolini oshirishning yo`llari va hech qanday «sirlari» yo`q. Eng muhimi, omad va arizani bexato to`ldirish. «Men orqali ariza topshirsangiz, yutishingiz ehtimoli yuqoriroq bo`ladi», deguvchilarga ishonib o`tirmang.
Bir kishi faqat bitta ariza to`ldirishi mumkin va bu bepul. Takroran yuborilgan arizalar o`yindan chiqariladi. AQSh Davlat departamenti bir nechta ariza topshirgan kishilarni aniqlashning murakkab mexanizmini qo`llaydi. Hatto yutuq chiqqan taqdirda ham, agar bir nechta ariza kiritgan bo`lsangiz, bu keyingi bosqichlarda ham ayon bo`lib qolishi mumkin.
Pul evaziga siz uchun anketa to`ldirib bergan firibgarlar yutuq chiqqan taqdirda sizdan kattagina pul talab qilishi mumkinligini yodda tuting. Ariza topshirib bo`lingach, avtomatik beriladigan kodlarni albatta qog`ozga chop etib oling. Ayni shu kod orqali lotereya natijalari e`lon qilinganida o`z omadingizni tekshirib ko`ra olasiz.