O`zbekistonda mansabda o`tirgan 20 nafardan ziyod amaldor korrupsiyada gumon qilinmoqda

10.12.2020 09:19

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 20 nafardan ortiq mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidan Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritdi. Agentlik rahbari Akmal Burxonovning ma`lum qilishicha, yil yakunida ustidan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan amaldorlar haqida ma`lumot beriladi.

Ushbu agentlik faoliyatini boshlagandan buyon shu yaqin kunlargacha aholidan 300 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati davlat xizmatchilari tomonidan davlat mulkini noqonuniy sarflanishi, noqonuniy xaridlarni amalga oshirish yuzasidandir. Akmal Burxonovning bildirishicha, agentlik noqonuniy xaridlar va tender natijalari bo`yicha vazirliklarga ham taqdimnoma kiritgan. Ayni paytgacha ushbu taqdimnomalar natijasida 6 ta vazirlik va idoralarning xaridlari bekor qilingan.

“Biz hozirda korrupsiya zanjirini o`rganyapmiz. Qaysi sohada eng ko`p korrupsiya mavjud? Albatta, ko`p korrupsiya holatlari ijtimoiy sohalarda aniqlanmoqda. Qiziq tomoni, oylik maoshlari kam bo`lgan sohalarda ham korrupsion xavf-xatarlar borligini ko`rdik. Ta`lim, sog`liqni saqlash, qurilish sohalari eng ko`p korrupsiya uchraydigan yo`nalishlar bo`lib qolmoqda. Shuningdek, pandemiya davrida eng katta korrupsiya aniqlangan yo`nalish bu davlat xaridlaridir. Kuni kecha davlat xaridlari qonunchiligini buzgani uchun jinoiy javobgarlik kiritish bo`yicha Qonunchilik palatasiga taklif kiritildi.

Amaldorlarning noqonuniy boylik orttirishi, chet-eldagi aktivlar, mol-mulklari qonunchilikda tartibga solinmagan. Hozirgi kunda mansabdor shaxs chet elda bank hisob raqamini ham ochishi, mol-mulk sotib olishi mumkin. Buni ham, albatta, tartibga solish kerak”, deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
11.12.2020 16:46
Афсуски конунларни конун чикарувчи депутатлар бузиб келишмокда.