Bugun, Toshkent viloyatida ma`muriy ishlari bo`yicha Nurafshon tumanlararo sudida bo`lib o`tgan sud ishida 12 ming aholining emas, balki birgina "tadbirkor" foydasiga qaror qabul qilindi
Aholi dardini oqqa ko`chirdik:
Agar jamiyatda KORRUPSIYa ildiz otmaganida maktab va bog`chasiz qiynalayotgan aholining dardini amaldorlar eshitar edi. Katta minbarlarda aytilayotgan adolat so`ziga oddiy aholi ham ishongan bo`lardi.
Agar jamiyatda ADOLAT bo`lganida, bugun sudda 12 ming aholining manfaati uchun maktab qurishga joy ajratib berilar, aksincha, boylar uchun uy qurib, katta manfaat ko`rmoqchi bo`lgan zadagonning qurilish ishlarini noqonuniy, deb to`xtatgan bo`lar edi.
Agar jamiyatda MANFAATPARASTLIK avj olmaganda edi, katta yo`ldan o`tib, uzoq maktabga qatnayotgan, yolg`izgina bolasidan bugun ona ayrilib, zor yig`lamas edi. Yana qancha fojialar, qancha insonlarning qiynalishining avvaldan oldi olingan bo`lardi, ammo afsuski…
Agar jamiyatda NEOPOTIZM bo`lmaganida farzandlari uchun jon kuydirayotgan, otalar, onalar “...Bizda doim yo zaring, yoki zo`ring bo`lishi kerak. Mana shu maktab erini olib qolishga urinish Nazarbek qishlog`i yoshlari uchun ham kelajakda O`zbekistonda tanish-bilish topishga urinishga undaydigan voqea bo`ldi. Rahmat “kattalarga”. Yuzlab bolalar maktabsiz qolganiga,aholiga kerakmas shu uylar, maktab bog`cha kerak, desa ham, aholining iltimosi va qarorlarini nazarga ilmagan, dardi fikri pul topish bo`lgan bunday insonlarga aytadigan so`zimiz:Kattakonlaringizga ishonib O`zbekistonni ham sotib yuboringlar. Xalq ham odammi? O`qimasa ham bo`ladi. Sizlar esa soqqani qilinglar, soqqani. Bosingizlar...” deya umidsizlikka tushmas edi.
***
Yillar davomida Nazarbek qishloq fuqarolar yig`ini hududidagi 5 ta mahallaning 12 ming nafar aholisi maktab va bog`chasiz qiynaladi. Bolalar katta trassa va xavfli yo`llardan o`tib uzoq yo`llardan maktabga qatnashga majbur bo`lmoqda. Afsuski, maktab o`quvchilari orasida baxtsiz hodisalar ham sodir bo`lgan. Ammo, aholining maktab va bog`cha so`rab qilayotgan murojaatlarini inobatga olayotgani yo`q.
Zangiota tumani, Nazarbek QFY, “Farobiy” mahallasida Prezidentning "Besh tashabbus" loyihasi asosida kutubxona, ochiq va yopiq suv xavzasi, sport inshooti qurish uchun ajratib berilgan qurilish ishlari maqsadi to`laligicha o`zgarib ketdi.
Respublika prokuraturasi javobiga ko`ra noqonuniy qaror chiqargan Zangiota tumani hokimi 12 ming nafar aholini maktab va bog`chasiz qoldirgan. Nazarbek hududiga kiruvchi 4 ta mahalla – Farobiy, Nazarbek, Qirguzar va Ahilobod, qo`shni Nayman MFYda jami 12000 nafardan ziyod aholi yashaydi, shundan 2876 nafari maktab o`quvchilari, 2374 nafari esa 7 yoshgacha bolalar, 1101 nafar bog`cha yoshidagi bolalarni tashkil etadi. Ular hozirgacha maktab va bog`chasiz yashab kelmoqda.
Hududdagi yagona bo`sh qolgan va sobiq ittifoq davridayoq maktab uchun ajratilgan er Zangiota tuman hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilikka zid ravishda tadbirkor uchun zamonaviy turar joylar qurish uchun ajratib berilgan.
Eng qizig`i, tuman hokimining qarori O`zbekiston Bosh prokuraturasi va Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan amaldagi qonunchilikka zid ekani ko`rsatilib, protest kiritilgan bo`lsa-da, tadbirkorlar qurilish ishlarini bemalol davom ettirdi.
Zangiota tuman hokimligi Prezidentning besh tashabbusga oid farmoni yuzasidan maktab, bog`cha, kutubxona qurish uchun tadbirkorga erni 0 qiymatda bergan. Bir hafta o`tib esa, tuman hokim er uchun chiqargan qarorini “zamonaviy turar joylar” qurish uchun ko`rinishida o`zgartiradi.
Oqibatda tadbirkor 2.21 ga. erning 90 foiz qismiga zamonaviy turar joy qurishni boshlab yuborgan. Maktab, bog`cha, kutubxona qurishni va`da berib erning asosiy qismiga zamonaviy turar joy qurayotgan tadbirkor ustidan norozi bo`lgan fuqarolar bugun dodini qaerga aytishni bilmay hayron.
Mahalla fuqarolari mazkur masala yuzasidan davlatimizdagi deyarli barcha instansiyalarga (Prezident qabulxonasi, Toshkent viloyati hokimligi, Bosh prokuratura, qurilish vazirligi, adliya vazirligi, korrupsiyaga qarshi kurash agentligi) murojaat qilgan. Shunga qaramay muammo hal bo`lmadi.
Bugun Nurafshon tumanlararo ma`muriy sudi raisi B.Normamatov ham “Besh tashabbus”ning maqsadli ishlari uchun olingan erga kutubxona va maktab emas zamonaviy turar joylar qurilayotganini oqlab berdi. Sudda ko`rilishi kerak bo`lgan ba`zi ariza va advokatlar so`rovnomalarini asossiz rad etdi. Maktab deb zorlanib turgan xalqdan nimadir chiqarmidi. Qurilish boshlab qo`ygan shu joygacha noqonuniy etib kelishga kuchi etgan "tadbirkor" tuman sudi raisiga kelganda qattiqroq yo`talmay qolarmidi?