"Besh tashabbus" doirasida NOL qiymatda maktab va bog`cha uchun ajratilgan er, zamonaviy uylar qurishga berib yuborildi
Bu shunchaki yo`l-yo`lakay aytib o`tilayotgan xulosa emas. Jurnalistlar tomonidan o`rganilib, necha bor chig`iriqdan o`tkazib, voqealar zanjiri bo`ylab o`tkazgan surishtiruvi natijasida aytilayotgan xulosadir. Katta manfaatdorlik bor joyda haqiqat ortga chekinib turishi nima uchundir shu kunlarda odatiy holga aylanib qolmoqda.
Prezident odamlarni rozi qilish kerakligi haqida juda ko`p gapiradi, kuyinadi, eng ustuvor vazifamiz xalqning ishonchini oqlash, og`irini engil qilish, yordam ko`rsatish, shu kunidan rozi bo`lib yashashini ta`minlash, deydi. Shuning uchun tinim bilgani yo`q. Shuning uchun harakatda, ammo ba`zi bir hokimlar-chi?
Prezident besh tashabbus doirasida yoshlar hayotini tubdan o`zgartirish borasida katta imkoniyatlarni ochib berdi. Yoshlarga imkoniyat bering, hunar o`rgating, sog`lom tarbiyalang, o`qiting, Vatan kelajagi uchun tarbiyalang, deya byudjetdan milliardlab pul ajratdi, ulkan loyihalar ishga tushirish uchun erlarni tekinga 0 qiymatda berish imkoniyatini yaratdi. Ko`p joyda bu tashabbus amalga oshdi, Prezidentga kamarbasta bo`lganlar bu ulkan tashabbus amaliyoti ustida ishlamoqda...
Ammo Toshkent viloyatining Zangiota tumanida unday bo`lmadi. Viloyat mutasaddilari nima qildi?
Soddagina aytaman. Besh tashabbus doirasida "Nazarbek" qishloq fuqarolar yig`inining 5 ta mahallasi (16 ming nafar) aholisi uchun qishloqda maktab va bog`cha qurib berilishi uchun NOL qiymatda er ajratildi.
Ajratilgan erni Prezident farmoni bahonasida “0” qiymatda orqasi katta tadbirkorga sotib yubordi. Aslida maktab va bog`cha qurib berilishi uchun ajratilgan erni zamonaviy uylar qurib sotish uchun bitta "tadbirkor"ga ajratib berdi. To`g`rida, qishloq bolalariga maktab va bog`cha qurishdan ko`ra boylar uchun zamonaviy uy qurib sotib, uni pullash qancha manaafatdorlik olib keladi.
Aslida "Besh tashabbus"da zamonaviy uylar qurib pullash uchun 0 qiymatga er berish ko`zda tutilmagandi. Ammo, Zangiota hokimi buni uddaladi. Toshkent viloyati hokimi esa buni bilib bilmaganlikka oldi.
Hujjatlarda, maktab, bog`cha, stadion, suv havzasi yozilgan amalda esa zamonaviy uylar qurilmoqda. Mutasaddilar esa buni bilmay qolishyapti.
Respublika Bosh prokuraturasi erni noto`g`ri ajratilganini qayd etdi. Biroq, Zangiota hokimi bunga parvo qilgani yo`q. Axir, aholi maktab, bog`chasiz qolmaydimi unga nima g`am?
Toshkent viloyati hokimini bu muammo bilan boshini qotirishga-ku umuman haqqimiz yo`q. Uning ham xalq g`amini o`ylashdan boshqa juda ko`p ishlari bor...
P/S: Agar shu yozganlarimizda qandaydir tuhmat, oddiy qishloq ahli manfaatidan boshqa yana nimadir bor bo`lsa uni ayting, ichingizda qolib ketmasin. Axir siz haqingizda nimadir yozsak "bu zakaz maqola bo`libdi", degan iddoingizga ko`nikib qolganmiz. Lekin iltimos amaldorlar BOLALAR HAQQIGA XIYoNAT QILMANG.