“Tadbirkorlar” tabiatning tabiiy o`zanlariga ham tahdid qilmoqda

04.08.2021 22:03

Erlarni noqonuniy o`zlashtirish navbati nihoyat, ariq va daryolarga etib keldimi?

Bo`zsuv kanalining Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan o`tuvchi qismi xavf ostida.

Rost24.uz axborot saytiga Toshkent viloyati Zangiota tumani Bo`zsuv qishloq fuqarolar yig`ini mahallasining bir guruh fuqarolari tomonidan murojaat kelib tushdi.

Toshkent viloyati va poytaxtimizdan o`tuvchi Bo`zsuv kanalining "Chinor" va Ulug`bek mahallalaridan o`tgan qismi tadbirkorlar tomonidan o`zlashtirilib yuborilayotgan ekan.

Bo`zsuvning yonida otxona va molxona qurgan tadbirkorlar katta ariqning atrofini chiqindi va axlatlar bilan to`ldirgan holda o`zlashtirib olishni boshlagan.

Molxona qurish uchun erga egalik qilgan yana bir tadbirkor esa chiqindilarni qabul qilish punkitini ham ochibdi. Toshkent sharhidan chiqqan axlat va chiqindilarni tashuvchilarning o`zog`i yaqin bo`lgan shekilli, bir pasda mijozlar ham ko`payib qolgan.

Ishni ko`zini bilgan tadbirkor shunday bo`ladi: Chiqindilarga ham joy topadi, erini ham kengaytiradi. Bir o`q bilan ikkita qo`yonni urish degani shu bo`lsa kerak.

Aholi bunday tadbirkorlikka qarshi chiqqanidan keyin chiqindilarni oldin yoqib, keyin Bo`zsuv ustiga surib tashlagan. Ustidan esa tuproq tortib tashlabdi ham. Ammo hali yonib ulgurmagan qismi bir necha kundan buyon tutab yotibdi. Aholining aytishicha axlat shu darajada ko`p bo`lganki, bu tutunlar hali-beri tugamasa kerak.

Ammo ariq atrofidagi 50 ga yaqin daraxtlar ham yonib ketgan. Bizda qog`ozlarda bir necha turdagi tabiat qo`riqchilari bor. Shu tashkilotlar bunday shafqatsizlikka jim turmasa kerak degan umiddamiz.

Natija guvohi bo`lganingizdek, aholi chiqindi hidi va tutunlardan aziyat chekmoqda. Aynan shu tabiatga bo`lgan shafqatsizliklar oqibatida tabiat ham o`z so`zini aytmoqdaki, tovonini esa aholi to`lashga majburdir. Bir zamonlar toza havoda yashayman deb shahardan qochib kelgan insonlar zo`rg`a chidab kunlarni tunlarga, tunlarni kunlarga ulayapti. Hattoki Bronxial astma (damqisma) kasalligini orttirganlar ham bor. Shu erda yashovchi Sayfiddin Muhiddinov ham aynan shunday kasallikdan qiynalmoqda. U ayni damda yashab turgan uyini sotib bu erlardan uzoqlarga ko`chib ketishdan boshqa chora ko`rmayotganini ham aytadi.

Bu muammo juda ko`pchilik tashkilotlarga tegishli. Biz ularni nomini sanab o`tirmadik. O`zlari bilib o`zlarini ishlarini qilishsa bo`lgani. Umid qilamizki, muammo bartaraf etiladi.

Odamlarni aldashimiz mumkin, ular ishonishga majburdir balki. Ammo tabiat o`zini aldaganni kechirmaydi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар