Yoxud falokatdan keyin falokatligi haqida faqat bayonot beradigan FVV
13 iyul kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida sel kelishi oqibatida 8 kishi vafot etdi.
Ular vafot etmas edi. Agar shu ishlarga mas`ul bo`lgan tashkilot o`z ishini bajarganda.
O`zbekistonda shunday tabiiy ofatlarga qarshi kurashadigan butun bir boshli vazirlik bor. Ya`ni Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Uning tasarrufida tabiiy ofatlarni o`rganib oldindan xabar beradigan O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi ham bor.
Onda-sonda bir bo`ladigan tabiiy ofatlarni o`rganib oldindan xabar berishi lozim bo`lgan markaz shu vaqtda qayd edi degan haqli savol tug`iladi. Bu tashkilot yoki falokatlar sodir bo`lgandan keyin tirik qolganlarni qutqarish uchun etib boradigan tashkilotmi?
O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi to`g`risida nizomning 2-bobida Vazirlikning asosiy vazifa va funksiyasi belgilab berilgan. Unda shunday deyiladi:
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi va omillarini oldindan aniqlash, ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olishni ta`minlash;
Bu butun boshli bir vazirlikning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Kosonsoydagi tabiiy ofat esa vazirlik o`z vazifasiga mas`uliyatsizligini ko`rsatib qo`ydi. Fuqarolarni va mahalliy rahbarlarni tabiiy ofatdan oldindan ogohlantirishi lozim bo`lgan vazirlik xodimlarining ofatdan keyin etib borishi taajjubli, har holda.
Tabiiy ofat keltirgan iqtisodiy zararining summasini hisoblashning o`zi ortiqcha. Achinarlisi, 8 nafar fuqaro vafot etdi. 6 yoshli bolakayning hayotning achchiq-chuchugini ko`rmasdan o`tib ketishi eshitgan har qanday insonni jumbushga keltiradi.
Shu joyda savol tug`iladi, vafot etganlar uchun kimdir javob beradimi?
FVV huzuridagi O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi mazkur hodisaga nima sabab bo`lganini ma`lum qildi, ofatdan keyin OAV orqali tabiiy ofatning sabablarini ochiqladi. Ammo buning foydasi bormikin? FVV tomonidan berilgan bayonotlar vafot etganlarni qaytara olmaydi.
Mas`uliyatsizligi bois xatoga yo`l qo`ygan mas`ul topilib jazolanmas ekan, tabiiy ofatdan keyingi bunday bayonotlarning oxiri bo`lmaydi.
Tan olib aytish kerakki, bizda qaysidir soha uyg`onishi, islohotlar qilishi uchun kimdir o`lishi, odamlar qurbon bo`lishi odatiy holga aylanib qolgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi uyg`onishi, sergak tortishi uchun 8 nafar insonning bevaqt o`limi etar balki. Yoki bu ham kamlik qilarmikin.
Darvoqe: Matbuot kotiblarining jurnalistlarni noxolislikda ayblashi udumga aylangan yurtda yashayotganimizni hisobga olib FVV Matbuot xizmati Murod Sodiqovga qo`ng`iroq qildik. Kosonsoydagi sel toshqini bo`yicha batafsil ma`lumotlar olishni niyat qilgandik. Ammo niyatimizga etisha olmadik. Chunki nufuzli tashkilotning matbuot kotibi gaplashishga vaqti yo`qligi, ikki kundan keyin vaqti bo`lishini aytib suhbatni qisqa qildi.
Xudo xohlasa, ikki kundan keyin FVV matbuot xizmati bilan gaplashish baxtiga muyassar bo`lsak, ularning ham bu haqdagi munosabatlarini berishimiz mumkin.