Shu o`tgan bir kechada yurtimizda qariyb 500 nafar kishida kasallik qayd etilib, ikki nafar bemor vafot etdi. Koronavirusdan kasallanayotganlar ko`payib, o`lim har kuni qayd etilmoqda.
Davolash punktlariga kelayotgan bemorlar soni ortib, kasalxonalarga sig`may ketayotgani uchun tizim qo`shimcha davolash muassasalarini qayta ochishga hozirlanmoqda. Sog`liqni saqlash tizimi mutasaddilarining qayd etishicha, vaziyat o`ta jiddiy holatga yaqinlashmoqda. Odamlarning befarqligi, niqob taqmaslik, masofa saqlamaslik, sanitariya qoidalariga amal qilmaslik, to`y-hashamlar, yig`inlarning ortishi kabi holatlar bunga sabab bo`lmoqda.
Ammo ertaga, 29-30 iyun kunlari Toshkent Botanika bog`ida “Uchinchi renessans bunyodkorligi” shiori ostida Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan O`zbekiston Yoshlar va talabalar forumi bo`lib o`tadi.
Toshkentda yana minglab yoshlar yig`ilgan katta forum o`tkazilishidan aholi va shifokorlar havotirda.
Mutasaddilar karantin qoidalariga amal qilgan holda o`tkazamiz, deb izoh bermoqda.
Minglab odamlar yig`ilgan joyda masofa saqlab bo`ladimi?
O`tkazilayotgan va o`tkazilishi rejalashtirilayotgan bu tadbirlar insonlar hayotidan ham muhimmi?
Nima uchun hukumat bu tadbirlarni 28 iyundan bekor qilmayapti?
Yoki qat`iy karantin holatini “ochiq osmon ostida o`tadigan tadbirlar"ga aloqasi yo`qmi?
Karantin cheklovlari oshgani sabab, vaziyatni yaxshi bilgan mas`ullar bunday tadbirlarni o`tkazishni ham ortga surgan bo`lsa kerak degan mujda bilan tadbir qoldirilgan bo`lsa kerak, degan umidda Rost24.uz muxbirlari Botanika bog`iga bordi.
Tayyorgarlik jarayoni avjida, hech qanday tadbir qoldiriladi, degan buyruq kelmagan. Ma`lumotlarga ko`ra, respublikamizning har bir hududidan 40 nafarga yaqin delegasiya keladi. Tadbir ko`lami juda katta.
Forum doirasidagi tadbir va tanlovlar Toshkent shahar hokimiyati, O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston shaxmat federasiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Xorijiy tillarni o`rganishni ommalashtirish agentligi, Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, AKT vazirligi, AOKA, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, Fanlar akademiyasi, EOAVMA, MTRK va boshqa tashkilotlar ko`magida tashkil qilinmoqda.
Yurtimizda koronavirus avj olmoqda, odamlar jon bermoqda, hukumat esa minglab yoshlarni to`plab katta festival o`tkazmoqda.
Siz o`zingizni o`zingiz asrang!