Ushbu jinoyat ishi bo`yicha Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o`tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.
Tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Holat yuzasidan hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko`zdan kechirilgan va ishga aloqador bo`lgan barcha ashyolar, jumladan arizachi va gumondorlarga tegishli kiyim-kechaklar olingan.
Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o`tkazilib, olingan ashyolar bo`yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika, sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizalari tayinlangan.
Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko`ra, jabrlanuvchi O.O.ning badanida zo`rlik alomatlari bilan bog`liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekanligi va homilasi rivojlanayotganligi aniqlangan.
Sudga oid tolali materiallarni kriminalistik tekshirish ekspertizasining xulosasiga ko`ra, jabrlanuvchi O.O.ning kiyimlarida gumondorlarning kiyimlariga tegishli tolalar mavjud emasligi aniqlangan.
Jabrlanuvchi O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so`roq qilinganida, uni hech kim zo`rlab nomusiga tegmaganligini, ayrim shaxslar (qonunchilik talablariga asosan shaxs haqidagi ma`lumotlar sir saqlanadi) moddiy manfaatdor bo`lish evaziga uni zo`rlab nomusiga tekkanligi haqida ariza va ko`rsatma berishga majbur qilganligini, agarda ushbu ko`rsatmani bermasa turmush o`rtog`i bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishligini aytganligi sababli, ilojsizlikdan yolg`on ko`rsatma berganligini ma`lum qilgan.
Shuningdek, ishga aloqador bo`lgan va guvoh tariqasida so`roq qilingan shaxslar, hodisa kuni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo`lgan shiypon atrofida begona erkaklarni ko`rmaganligini hamda dala shiyponidan ayol kishining yordam so`rab baqirgan ovozini eshitilmaganligini ma`lum qilgan.
O`tkazilgan tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi O.O. ma`lum qilgan besh nafar shaxslar voqea sodir bo`lgan kuni hodisa joyida, ya`ni jabrlanuvchi O.O.ga tegishli bo`lgan dala shiyponida umuman bo`lmaganliklari aniqlangan.
Tergov harakatlari davomida to`plangan inkor qilib bo`lmas dalillarga asosan fuqaro O.O.ning zo`rlanganligi to`g`risidagi vajlari o`z tasdig`ini topmaganligi sababli, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini JPKning 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo`lmasa) asosan tugatish masalasi ko`rib chiqilmoqda.
Hozirda fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilganliklari holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Kelgusida tergov harakatlari natijasi yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berilishi ta`minlanadi.