Qirg`izistonlik ayol Tanzila Norboevaga murojaat yo`lladi. NEGA?

20.04.2021 09:44

30 yildan buyon Andijonda yashab, umr kechirayotgan Shoira Ergasheva hamon O`zbekiston pasportini ololmayapti

O`zbekistonda yashayotgan qizi bilan ko`risholmay zor yig`layotgan qirg`izistonlik Chinixon aya O`zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboevaga xat yo`lladi.

Qirg`izistonlik Chinixon aya 10 yildirki, O`zbekistonga kelin qilib uzatgan farzandi bilan uchrasha olmayapti. U 1990 yilda qizi Shoiraxon Egamovani Andijon viloyatining Izboskan tumaniga uzatadi. Qizi Shoira 1991 yili Fuqaroligi bo`lmagan shaxs (FBSh) hujjatini oladi. Ushbu hujjat asosida u 2010 yilgacha Qirg`iziston hududiga erkin o`tib-kelib yuradi.

Keyinchalik FBSh hujjati bilan O`zbekiston — Qirg`iziston chegaralarini kesib o`tish imkonsiz bo`lib qoladi.

Shavkat Mirziyoev prezidentlik davriga kelib esa ko`pgina fuqaroligi yo`q shaxslarga pasport berilgani Shoiraxonga katta umid beradi. Shundan so`ng, u 2017 yilda pasport olish uchun barcha hujjatlarini to`g`irlab, Izboskan tumani markazi – Poytug` shahridagi pasport stoliga topshiradi va davlat bojlarini to`laydi. Ammo, oradan 4 yil o`tsa-da pasport stolidan javob kelavermaydi.

Bugun Chinixon aya 76 yoshni qoralay deyapti, u Qirg`izistondan O`zbekistonga safar qila olmaydi. Qiz esa pasportsiz chegaradan o`tolmay diydoriga mushtoq bo`lgan onasini ko`rishga bora olmayapti. “Qizimni ko`rishga zorman”, deb yozadi Chinixon aya Tanzila Norboevaga yozgan xatida.

Eslatib o`tamiz: Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda 2011 yili biror mamlakatning vatandoshi hisoblanmagan qariyb 86000 inson istiqomat qilgan. 2017 yildan so`ng fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga O`zbekiston pasporti berish ishlari tezlashtirildi. 2019 yilda Birlashgan millatlar tashkiloti O`zbekiston Respublikasi fuqaroligini kutayotgan 80000 inson borligini bildirgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар