E`tirof etishdagi adolatsizliklar haqiqiy jurnalistimizdan judo qildi

26.06.2026 16:15

Davlat mukofoti va "Oltin qalam" olish uchun kimga, qanday murojaat qilish kerak?

OChIK XAT
Singan qalam iztirobi
Inson umrining o`ttiz yilini bir sohaga bag`ishlash nima degani? Bu — sochlarning shu yo`lda oqarishi, ko`z nurining qog`oz va ekranlarga to`kilishi, yurakning har bir chizilgan harf bilan birga urishi demakdir. Men jurnalistika bog`lab qo`ygan o`sha sehrli arqonni mahkam tutib, roppa-rosa o`ttiz yildan ortiq vaqt davomida xalqning xizmatida bo`ldim. To`rtta kitob chiqardim, davlatning ichki va tashqi siyosati, islohotlar, o`zgarishlar haqida minglab tahliliy, kuydi-pishdi maqolalar yozdim. Ko`nglimda yaqin do`stlar, hamkasblar orttirdim.


Ammo bugun... bugun ko`nglimning eng tubida muzlab qolgan, aytishga til bormaydigan, ammo ichimni kemirayotgan bir achchiq haqiqat bilan yuzma-yuz turibman. Men bu sohada qadr topmadim. Balkim, kimdir buni eshitib, «noshukrlik qilyapti», der. Yo`q, bu noshukrlik emas. Bu — yillar davomida to`plangan, qadrdon devorlarga urilib singgan umidlarning siniqlaridir. Hali jamiyatda ko`pchilik bu gaplarim uchun meni qoralar, postlar yozar. Keyingi bir necha yildan beri bir ssenariy takrorlanadi: hujjatlarim davlat mukofotiga taqdim etiladi, ro`yxatlar tuziladi. 

Sohamizning eng nufuzli tanlovi bo`lmish «Oltin qalam» milliy mukofotiga roppa-rosa 20 marta hujjat topshirdim. Yigirma marta! Har safar oxirgi pallada, Prezident Administrasiyasining qaysidir qop-qorong`u va sovuq xonasida, ehtimol, meni ko`rishga ko`zi yo`q, mendan negadir nafratlanadigan bir «ko`rinmas qo`l» ismimni ro`yxatdan o`chirib tashlaydi. So`nggi lahzalarda mukofotdan bebahra qolaman. Balki jyuri hay`ati raisiga yoqmasdirman, Jurnalistlar uyushmasining yangi rahbariga yoqmasman. Mayli Yaratgan bor. Mahrum qilishshda ishtirok etganlarga Alloh kifoya qilsin. Qo`lim kechayu kunduz duoda. 


Bu nima degani? Bu — davlatning, tizimning senga bo`lgan ishonchsizligi emasmi? Sen yozgan minglab maqolalar, davlat siyosatini xalqqa tushuntiraman deb chekkan zahmatlaring bir tiyinga qimmat ekanini bildiruvchi sovuq ishora emasmi bu? Men mukofot uchun ishlamadim, hech qachon ko`kragimga taqiladigan metall parchasi uchun qalam tebratmaganman. Ammo inson ekansan, sening ham g`ururing, sening ham yaqinlaring bor ekan. Eng yomoni — mukofot ololmaganing emas, eng yomoni — atrofingdagilarning, oilangning, farzandlaring va do`stlaringning savollari bo`larkan. «Aka, nega sizni taqdirlashmadi?» «Dada, falonchi kechagina ish boshlagandi-ku, nega u oldi-yu, sizni yana chetlab o`tishdi?»


Ana shu sovuq va achchiq savollar yurakni tilka-pora qiladi. Bu savollar qarshisida erga qarab qolish, o`zingni xuddi jinoyatchidek his qilish — o`limdan ham og`irroq azob. Sen o`z kasbingga sodiq qolding, sotilmading, halol mehnat qilding, lekin tizim seni «noloyiq» deb topdi. Buni yaqinlaringga qanday tushuntirasan? Uzoq o`yladim. Ko`zlarimga yosh kelib, ushbu satrlarni qoralar ekanman, o`zimga-o`zim savol beraman: mening bu sohada qolganimdan nima naf? Kimga kerak mening so`zim, mening kuyganlarim?


Anglab etdimki, eng to`g`ri yo`l — sohani butunlay tark etishlik ekan. Qo`ldan qalamni uloqtirib, qishloqqa qaytib, tinchgina hayvon boqaman. Shu oson yo`li. Hech bo`lmasa u erda tabiat sof, hech kim seni orqangdan pichoqlamaydi. Og`ir jismoniy mehnat qilarsan, qora ishchi bo`larsan, lekin ruhing bu qadar xo`rlanmaydi, mehnatingning haqqini kamida halol olasan. Bu o`ttiz yil Vatan islohotlarini kuylagan bir jurnalistning bugungi ayanchli va iztirobli iqrori. Mening singan qalamim bugun sukut saqlashni afzal ko`rdi. Zora, mening bu iztirobim sohadagi boshqa qadrsizlanayotgan haqiqiy ijodkorlarning taqdiriga ozgina bo`lsa-da e`tibor qaratishga sabab bo`lsa.


Manga kizigi yuk. Bu gapimdan keyin birinchi ma`muriyat davridagi kabi bosim buladimi, kamalib ketamanmi, farki yuk. Buyogida umrimning kancha kismi koldi... Diabet bilan og`riydigan odamga farqi yo`q. Meni birinchi ma`muriyat davridagi bosimlarmi, ta`qiblarmi, yoki «tepadagilar»ning g`azabimi — endi bularning bari qiziq emas. Hatto kamalib ketishimdan ham qo`rqmayman. Bu — qo`rqoqlikdan emas, aksincha, qo`rquvning chegarasiga etganimdandir.Mening bor boyligim — qalamim, nomim va halol vijdonim edi. Ularni qadrsizlantirishdi, erga urishdi, tizimli ravishda oyoqosti qilishdi.
 

Endi menda nima qolibdi? Umrimning qolgan qismida yana kimdandir qo`rqib, yana kimningdir qosh-qavog`iga qarab yashashim kerakmi? Yo`q, endi bunga hojat yo`q. Men bu sohani tark etyapman. Mening bugungi so`zlarim — jurnalistikaning «Oltin qalam»laridan ham qimmatroq, chunki unda yolg`on yo`q. Unda og`riq bor, unda hayot bor. Salim aka siz yashang, Shuhratjon siz yashang. Biz faqir kishi panada. Men allaqachon o`zimga kerakli hukmni chiqarib bo`lganman. Bu — erkinlik hukmidir. Tez orada qabrga boraman. Birovni qaqshatib hech narsaga erisha olmaysiz. Qiyomatda hamma sahnalar ochiladi. Man topshirgan tayyorlagan materiallaoni ancha munchasi tayerlay olmasdi. Uzimga ishonaman. Juda kupchilik mexnat kilgandi.

"O`zbekiston24" Ijodiy birlashmasi bosh muharriri Abduvali Soyibnazarov

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар