…Xorazmda kamida 20-30 ta tungi klub bor. Ularning har birida 15-20 nafardan biz kabi raqqosalar o`ynaydi, faqat biz emas raqqosalik qilayotgan.
… Meni 15 yoshimda turmushga berishgan. Qo`limda hunarim yo`q, endigina 9-sinfni bitirgan qiz edim.
— Nima ish bilan shug`ullanardim, yana fohishalik qilaman-da...
***
21 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Urganch shahrida joylashgan «Sahara» klubi yonida bir guruh qizlar sumalak pishirayotgani videosi tarqalgan edi. Keyinchalik videoda aks etgan 6 nafar ayol sud qilindi hamda ularning 3 nafari 15 sutkaga qamaldi. Yana 3 nafari esa yosh bolali bo`lgani sababli eng kam oylik ish haqqining 5 baravari miqdorda jarima to`lash sharti bilan ozod qilindi.
Rost24.uz axborot sayti muxbiri ochiq libosda sumalak kovlash bilan "mashhur" bo`lgan qizlarning biri bilan bog`landi. Qizning ismini oshkor qilmagan holda uning hikoyasini taqdim etamiz.
— Xorazmda kamida 20-30 ta tungi klub bor. Ularning har birida 15-20 nafardan biz kabi raqqosalar o`ynaydi, faqat biz emas raqqosalik qilayotgan.
Men mana shu sud va OAVdagi sharmandalikdan so`ng ko`chada qoldim. 4 yildan beri ikki xonali uyda ijarada yashar edim. Uyga kir yuvish mashinasi, kondisioner va qimmat gilamlar harid qilganman. Shunga qaramay video tarqab ketgach mana ijarachi meni ko`chaga haydab yubordi. Ish joyimdan ham haydaldim.
Milisionerlar qistovi bilan 1 500 000 so`mga raqqosalik uchun guvohnoma sotib olgan edim. Lekin, endi ish joyimga qayta olishmayapti. Otam mendan yuz o`girdi. Bugun o`ta tushkun ahvoldaman. Endi qanday kun ko`raman.
Meni 15 yoshimda turmushga berishgan. Qo`limda hunarim yo`q, endigina 9-sinfni bitirgan qiz edim. Olti yil yashadim ikki farzandli bo`ldim, keyin turmush o`rtog`im tashlab ketdi. Hech kim menga o`shanda yordam bermagan. Hozir 26 yoshdaman. Erim uchinchi bor uylangan. Farzandlarim sobiq erim - otasi bilan yashaydi. Men ham ular bilan uchrashib turaman.
Kreditga uy olayotgan edim. So`ngi bor mart oyiga to`lov qildim. Endi ishsiz qolib kreditlarimni qanday qoplashni ham bilmay qoldim. Hech kim yordam berayotgani yo`q. Men doim o`zimni-o`zim eplab kelganman. Shu vaqtgacha hech kim menga yordam bermagan. O`zim yiqilib, o`zim turganman. Birovga zarar qilmaganman, birovning oilasini buzmaganman. Nonsiz qolgan kunlarimda ham hech kim menga yordam bermagan. Videoimizni ijtimoiy tarmoqqa joylagan qiz sabab, mana bugun ko`chada yana ishsiz, uysiz qoldim.
— Endi nima ish bilan shug`ullanmoqchisiz?
— Nima ish bilan shug`ullanardim, endi fohishalik qilaman-da...