Bir xil ayblov: Blogerlar hibsi ortida nima bor?

28.03.2026 10:05

 

2026 yil boshidan beri O`zbekiston axborot maydonida bir nechta jurnalist va blogerlar deyarli bir xil ayblov – asosan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan hibsga olindi.


Oxirgi marta “Sirojiddin media” YouTube kanali asoschisi bloger Sirojiddin Odilovning hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Tergov ma`lumotiga ko`ra, u bir fuqaroning moliyaviy muammosini hal qilib berish va`dasi bilan pul olgan va va`dasini bajarmaganlikda gumon qilinmoqda. Shu asosda unga nisbatan 168-modda (firibgarlik) hamda 211-modda (pora berish) bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan. 


Biroq, Odilov bu yilda ayni shunday ayblov bilan qamalgan yagona bloger emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma`lumotlarga ko`ra, 2026 yil boshidan beri bir qator bloger va jurnalistlarga nisbatan ham shunga o`xshash ayblovlar qo`yilgan. Ular orasida G`ayrat Aberaev, Azizjon Yuldashev, Sardor Hamidov, Marjona Eshquvvatova, Dilshod Nishonov, Elyor Tojiboev, Furqat Ro`zmetov, Azamat Avezov, Fazliddin Mehmonov va Aziz G`oipnazarov kabi blogerlar bor.


Nega blogerlar ishida aynan bir xil ayblovlar takrorlanmoqda? Firibgarlik moddasi blogerlarga qarshi universal ayblovmi?
So`nggi yillarda O`zbekistonda blogerlarga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari tahlil qilinsa, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bir nechta blogerlar ham aynan moliyaviy jinoyatlar, firibgarlik yoki tovlamachilik ayblovlari bilan sudlangani ko`zga tashlanadi.
Masalan, avvalroq bloger Abduqodir Mo`minov ham firibgarlik va tovlamachilik kabi ayblovlar bilan 7 yildan ortiq muddatga qamalgan edi. 
Shuningdek, Farg`ona viloyatida bloger Olimjon Haydarov ham tanqidiy materiallardan keyin tovlamachilik va moliyaviy jinoyatlar bilan 8 yilga hukm qilingan.

Ta`kidlash kerak, bu kabi ayblovlar huquqiy jihatdan juda jiddiy hisoblanadi. Ammo mutaxassislar fikricha, bunday moddalarni isbotlash uchun dalillar ochiq va shaffof tarzda taqdim etilishi juda muhim.

Aytish lozimki, O`zbekistonda so`nggi yillarda blogerlar jamoatchilik nazoratining muhim vositasiga aylandi. Ko`p hollarda ular mahalliy muammolar, korrupsiya, ijtimoiy adolatsizlik yoki mansabdorlarning harakatlari haqida materiallar tayyorlab, keng auditoriyaga etkazmoqda.
Shu sababdan blogerlar ba`zan davlat idoralari yoki mahalliy manfaatdor guruhlar bilan ziddiyatga kirib qolishi tabiiy hol. Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari ham blogerlarga nisbatan bosimlar media erkinligiga salbiy ta`sir qilishi mumkinligini bir necha bor ta`kidlagan.
Shuningdek, o`zini bloger deb tanishtirayotgan media olami vakillarining hammasi ham talablarga javob bermaydi, ko`pchiligi moliyaviy maqsadlarda yoki mashhurlik umidida bu yo`lga kirgan-u, ammo saviya va bilim jihatidan bunday darajalarga arzimasligini ko`rsatayotgani ham bor gap.

Albatta, bloger bo`lish insonni jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi. Agar kimdir haqiqatan firibgarlik qilgan bo`lsa, u qonun oldida javob berishi kerak.


Biroq muammo shundaki, bir vaqtning o`zida bir nechta blogerga bir xil ayblov qo`yilishi jamoatchilikda shubhalarni kuchaytirmoqda. Bu holat ayrimlar tomonidan “axborot maydonini tozalash” sifatida talqin qilinmoqda, boshqalar esa buni “qonun ustuvorligining ta`minlanishi” deb baholaydi.


Bunday vaziyatlarda eng muhim omil – shaffoflik. Tergov jarayonlari, sud muhokamalari va dalillar jamoatchilikka ochiq va aniq tarzda taqdim etilsa, har qanday gumonlar o`z-o`zidan barham topadi.


Aks holda esa, bir xil ssenariydagi hibslar nafaqat blogerlar, balki butun axborot maydoniga ta`sir qilishi mumkin.
Axborot erkinligi va qonun ustuvorligi bir-biriga qarshi tushunchalar emas. Aksincha, ular bir-birini mustahkamlashi kerak.

Ayni davrda O`zbekistonda blogerlar qonunbuzarlik uchun jazolanyaptimi yoki tanqidiy ovozlar sekin-asta sustlashtirilyaptimi?
Bu savolga javob esa, ehtimol, faqat sud qarorlaridan keyin emas, balki jamoatchilik nazorati va ochiq muhokamalar orqali ham aniqlashadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар