Eron rasman Oliy milliy xavfsizlik kengashi rahbari Ali Lorijoni halok bo`lganini tasdiqladi. U mamlakatdagi eng ta`sirli siyosiy shaxslardan biri bo`lib, ayrimlar uni oliy rahbardan keyingi eng muhim figura sifatida baholardi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Lorijoni bilan birga uning o`g`li Murtazo va qo`riqlash xizmati rahbari ham halok bo`lgan. Hodisa Tehron yaqinida, ehtimol, uning qizi yashaydigan uy atrofida sodir bo`lgan. Internetda vayron bo`lgan binodan qolgan lavhalar tarqalmoqda.
Lorijoni uzoq yillar Eron siyosiy hayotida katta o`rin tutib kelgan. U yadroviy dastur bo`yicha G`arb bilan muzokaralarda qatnashgan, prezident, armiya va Islom inqilobi muhofizlari korpusi o`rtasida muvofiqlashtirish ishlarini olib borgan. Shuningdek, urush sharoitida mamlakat mudofaasiga doir qarorlar tayyorlashda ham muhim shaxs bo`lgan.
Lorijonining o`limidan so`ng Eron Isroilga kassetali jangovar qismli raketalar bilan javob zarbasi berdi. Isroil esa o`z aholisini yanada kuchli hujumlar bo`lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu tariqa ikki tomon o`rtasidagi mojaro yanada keskin tus oldi.
Ayni paytda Eronda Lorijoni o`rnini kim egallashi mumkinligi muhokama qilinmoqda. Ehtimoliy nomzodlar sifatida Ali Bog`iriy, Said Jaliliy va Ahmad Vahidiyning nomlari tilga olinmoqda.
Bu orada AQSh ichida ham Eron bilan urush masalasida ziddiyatlar kuchaydi. Terrorizmga qarshi kurash bo`yicha Milliy markaz direktori Jo Kent iste`foga chiqib, Isroil Oq uyni chalg`itganini, Eron esa Amerika uchun bevosita tahdid bo`lmaganini aytdi. Uning fikricha, bu urush AQShni og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Donald Tramp esa bir-biriga zid bayonotlar bermoqda. Bir tomondan, u AQSh katta harbiy yutuqlarga erishganini aytmoqda, ikkinchi tomondan esa urush yaqin vaqtda tugashi mumkinligini bildirmoqda. Ammo hozircha Vashington mojaroni qanday yakunlash bo`yicha aniq siyosiy echim taklif qilganicha yo`q.
Shu bilan birga, mojaro iqtisodiy oqibatlarni ham kuchaytirmoqda. Xurmuz bo`g`ozidagi vaziyat og`irlashib, neft tashishda muammolar yuzaga kelgan. Natijada neft va dizel narxlari oshib, bu AQSh va Evropa uchun ham qo`shimcha bosim tug`dirmoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, Eron nafaqat harbiy nishonlarga, balki neft va gaz ob`ektlariga ham zarbalar bergan. Bu esa jahon energetika bozorida xavotirni yanada kuchaytirgan.
Lorijonining o`ldirilishi nafaqat Eron ichidagi siyosiy vaziyatga, balki butun mintaqadagi kuchlar muvozanatiga ham ta`sir qiladi. Bu voqeadan keyin yaqin vaqt ichida tinchlik muzokaralari boshlanishi ehtimoli yanada pasaygan.
17 mart kuni Eron zarbalari va urushning yangi bosqichi
17 mart kuni Eron hujumlarni yanada kuchaytirdi. Quddus, Tel-Aviv va Yaqin Sharqdagi AQSh bazalariga raketalar va dronlar bilan zarbalar berilgani aytildi.
Saudiya Arabistonidagi Al-Qaysuma aeroportida AQSh havo mudofaasi uchun muhim bo`lgan radiolokasiya stansiyasi yo`q qilingani, Bag`dodda esa AQSh elchixonasini himoya qiluvchi tizim ishdan chiqarilib, hududda yong`in chiqqanini ma`lum qilindi.
Shuningdek, Isroilning “Rafael” qurol-yarog` zavodlariga hujumlar davom etgani aytilmoqda. Ayrim manbalar Isroilning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri ham o`ldirilganini yozmoqda, ammo bu rasman ochiqlanmagan.
Eron tomoniga yaqin manbalar AQSh katta yo`qotishlarga uchraganini da`vo qilmoqda. Bu ma`lumotlar hozircha mustaqil tasdig`ini topmagan.
Eng muhimi, Eron ilk bor neft va gaz ob`ektlarini ham nishonga oldi. BAAdagi Shoh gaz koni va Iroqdagi Majnun neft koni haqida zarba berilgani aytildi. Fujayra portida esa tanker yongani ortidan neft yuklash ishlari to`xtatilgan.
Xurmuz bo`g`ozi va neft narxlari
Xurmuz bo`g`ozidagi keskinlik sabab neft bozorida xavotir kuchaydi. Ayrim tankerlardan tashqari deyarli barcha kemalar harakati cheklangani aytilmoqda. Shu ortidan neft narxi bir kunda 3 foizga ko`tarildi.
AQShda dizel narxi ham keskin oshib, so`nggi to`rt yilda ilk bor galloniga 5 dollardan oshdi. Bu esa aholi noroziligini kuchaytirmoqda.
Evropada ham muammo sezilmoqda. Polshada haydovchilar arzon yoqilg`i izlab Slovakiyaga o`ta boshlagan. Shu paytda Evropa Ittifoqi Rossiya neftiga yangi cheklovlar qo`yishni ham muhokama qilmoqda.
Urush qachon tugaydi?
Tahlilchilar fikricha, Vashingtonda bu urushni qanday tugatish bo`yicha aniq reja yo`q. AQShning o`zida ham bu masala tanqid ostida qolmoqda.
Reuters xabariga ko`ra, Oq uy Tehronga o`t ochishni to`xtatish taklifini bergan, ammo u rad etilgan. Lorijonining o`ldirilishidan keyin esa yarashuv haqida gapirish yanada qiyinlashdi.