Mirziyoev BMTdagi nutqida qaysi so`zlarni eng ko`p ishlatdi?

26.09.2025 13:40


Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqini lingvistik tahlil qildi.

Tahlil natijalariga ko`ra, prezident nutqida asosiy o`rinni “maqsad” so`zi (11 marta) egallagan bo`lib, strategik yo`nalishlarning ustuvor ahamiyatini aks ettiradi. Shuningdek, mamlakat va milliy manfaatlar masalalariga katta e`tibor qaratilgan – “davlat” so`zi 7 marta tilga olingan.

Muhim aksentlardan biri global kun tartibi va jahon chaqiriqlari bo`lib, “global” so`zi 8 marta ishlatilgan. Bu milliy vazifalarni xalqaro kontekstga uyg`unlashtirishga intilishni ko`rsatadi. Xususan, Markaziy Osiyoning zamonaviy jarayonlardagi roli alohida ta`kidlangan. “Osiyo” so`zi 7 marta, “Markaziy” esa 6 marta ishlatilib, nutqning mintaqaviy o`lchamini ko`rsatadi.

Kelgusi rivojlanish nuqtai nazaridan esa “yangi”, “O`zbekiston”, “dunyo” va “harakat” kabi asosiy atamalar har biri 6 marta tilga olingan. Shu bilan birga, “ta`lim”, “transport”, “siyosat” va “sherik” so`zlari 5 martadan, “platforma” va “mexanizm” so`zlari esa 4 martadan ishlatilib, taklif etilgan tashabbuslarning institusional xususiyatga egaligini ko`rsatadi.

So`z va iboralarni takrorlanishining tahlili

Nutqda tez-tez qo`llanadigan ifodalar ajralib turadi. Eng ko`p uchraydigan so`z birikmasi — “Markaziy Osiyo” (6 marta). Shundan keyin “doimiy rivojlanish” (4 marta) tilga olingan.

Bundan tashqari, quyidagi ifodalar har biri 2 martadan ishlatilgan: “Osiyo davlatlari”, “Yangi O`zbekiston”, “sun`iy intellekt”, “sog`liqni saqlash”, “xotin-qizlar”, “suv resurslari”, “infratuzilma loyihalari”, “terrorizmga qarshi”, “gumanitar inqiroz”.

Shu tariqa nutqda mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish masalalari bilan birga, inson kapitali uchun muhim yo`nalishlar — xotin-qizlar roli, sog`liqni saqlash va suv resurslariga alohida urg`u berildi. Shuningdek, innovasiyalar, infratuzilma va xavfsizlik masalalari modernizasiyaning asosiy yo`nalishlari sifatida qayd etildi.

So`zlarning mavzular bo`yicha tahlili, davlat rahbari nutqida asosiy urg`uni Markaziy Osiyoda hamkorlikka (18 foiz) va transport va ekologik masalalarga (18 foiz) qaratganini ko`rsatadi.

Nutqning sezilarli qismi yoshlar va ma`naviyat mavzulariga hamda Yangi O`zbekiston islohotlariga bag`ishlangan — har biri 15 foizni tashkil etgan. BMT va global vaziyatga oid masalalar 12 foiz ulushni, Afg`oniston, G`azo, Ukrainadagi xavfsizlik va gumanitar muammolar 10 foizni tashkil qilgan. Terrorizmga qarshi kurash, gender siyosati va ijtimoiy tenglik masalalari esa 6 foiz ulushga ega bo`lgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар