Jizzax viloyatida quvvati 2 GVt bo`lgan katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt bo`lgan kichik atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25 sentyabr kuni Moskvada bo`lib o`tgan Global atom forumida O`zbekiston bosh vaziri o`rinbosari Jamshid Xodjaev ma`lum qildi.
«Bizning Rosatom bilan hamkorlikdagi loyihamiz mamlakat tarixidagi ilk AES bo`lib, o`ziga xos xususiyatlarga ega. Jizzax viloyatidagi yagona maydonchada har biri 1000 MVt quvvatga ega bo`lgan ikkita yirik reaktor va har biri 55 MVt quvvatli ikkita kichik reaktor quriladi. Bunday kombinasiyalashgan yondashuv bir vaqtning o`zida 2,1 GVt asosiy quvvat ishlab chiqarish va moslashuvchan manyovr imkoniyatlarini ta`minlaydi», — dedi bosh vazir o`rinbosari.
Uning so`zlariga ko`ra, 2035 yilga borib 525 gektar maydondagi kombinasiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.
O`z navbatida, «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev O`zbekiston hukumati kichik quvvatli AES maydoniga ikkita yirik AES blokini qo`shish to`g`risida qaror qabul qilganini ma`lum qildi.
«Biz O`zbekiston hukumati bilan bu borada faol ish olib bormoqdamiz», — deya qo`shimcha qildi u.
Forumda qatnashgan «O`zatom» direktori Azim Axmedxadjaev esa O`zbekistonda kichik va yirik atom elektr stansiyalari loyihalarini birlashtirgan holda atom energetikasining integrasiyalashgan modelini rivojlantirish rejalashtirilayotganini ma`lum qildi.
«O`zbekiston amalda kichik modulli reaktorlarni joriy etishda peshqadam hisoblanadi. Biz ularni yirik reaktorlar bilan integrasiyalashgan holda rivojlantirishni rejalashtiryapmiz, shu orqali keng qamrovli kompetensiyalar maktabini yaratamiz. Kichik modulli reaktorlarning kelajagi porloq ekanini yaxshi anglaymiz», — dedi u.
Shuningdek, Axmedxadjaevning qo`shimcha qilishicha, O`zbekiston 2025 yil kuzda Jizzax viloyatidagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun kotlovan qazish ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda.
«Bir yil ichida juda ko`p narsalar o`zgardi: maydonda er ishlari boshlandi, barcha tadqiqot ishlari yakunlandi. Bu kuzda biz kotlovan qazish bosqichiga o`tamiz, chunki prezidentimiz kelgusi yil mart oyida kichik modulli reaktor uchun birinchi betonni quyish ishlarini boshlash vazifasini qo`ygan. Biz qayta tashkil etdik, rejalashtirdik va bu maqsad sari harakat qilyapmiz», — dedi u.
Uning so`zlariga ko`ra, ruxsatnoma va lisenziyalar olish bo`yicha O`zbekiston va Rossiya regulyatorlari, shuningdek, loyihaning xalqaro xavfsizlik talablari va standartlariga muvofiqligini doimiy ravishda monitoring qilib boradigan MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) bilan parallel ravishda ishlar olib borilmoqda.