Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov O`zbekistonda kreditlar qimmatligining asosiy sabablarini sanab o`tdi va kredit foiz stavkalarini ma`muriy yo`l bilan pasaytirish imkoniyati yo`qligini, bu bozor sharoitida shakllanishini hamda turli omillar mavjudligini qayd etdi.
Uning ta`kidlashicha, eng asosiy sabab inflyasiya va inflyasion kutilmalardir. Birinchi navbatda bozorda pul narxini tushirish uchun uning qadrini ta`minlash zarur. Shuning uchun ham Markaziy bankning asosiy funksiyasi inflyasiyani pasaytirish, narxlar barqarorligini ta`minlash orqali inflyasion targetga erishishdan iborat. Aynan mana shu narsa kredit va depozitlar stavkalariga ta`sir qiladi.
Foiz stavkalarining erkin shakllanishiga to`sqinlik qiluvchi yana bir omil — davlat dasturlari doirasida imtiyozli stavkalar asosida ajratiladigan direktiv kreditlashdir.
Ishmetov ma`lum qilishicha, imtiyozli kreditlar ulushi qancha yuqori bo`lsa, bu foiz stavkalarining shakllanishiga ta`sir qiladi.
Markaziy bank raisi, shuningdek, imtiyozli kreditlar muammosini bir-ikki yilda hal qilish qiyinligini aytdi. Chunki bu inflyasiyani sekinlashtirishni talab qiladi.
Bundan tashqari, O`zbekiston iqtisodiyotida depozitlar bo`yicha yuqori real foiz stavkalari, ya`ni aholining inflyasion kutilmalari va depozitlarning daromadliligi o`rtasidagi farq shakllangan.
“Bunda ayrim banklarning biznes modellari ta`sirini ko`rish mumkin: ular aholiga faqat bitta tovar — mikroqarz shaklida kredit berishga o`tgan. Mikroqarzlar boshqa turdagi kreditlarga nisbatan o`ta xatarli bo`lganligi uchun yuqori foizlarda beriladi", deydi Ishmetov.
Uning qo`shimcha qilishicha, mikroqarzlar yagona instrument bo`lgani holda yuqori foizlarda berilgani uchun depozitlarni ham yuqori stavkalarda jalb qilish imkoniyati bor. Boshqa banklar ham omonatlar bo`yicha stavkalarni oshirishga majbur bo`lmoqda, aks holda raqobatchilar barcha omonatlarni o`ziga tortib oladi.
Regulyator raisining so`zlariga ko`ra, Markaziy bank aholining qarz yuki muammosiga jiddiy yondashmoqda. Banklarning agressiv siyosatini cheklash uchun regulyator tegishli me`yorlarni kuchaytirmoqda va yil oxirigacha yangi chora-tadbirlarni e`lon qilishni rejalashtirmoqda.