Joriy yilning 23 sentyabr kuni o`z ishini boshlagan O`zbekistondagi eng yirik IT ko`rgazma – “ICTWeek Uzbekistan 2025”da «Biznesni rivojlantirish banki» shu`ba korxonasi "BRB-Tech" kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Kompaniya stendida namoyish etilayotgan masofaviy xizmatlar va innovasion mahsulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otmoqda.
O`zbekiston Milliy matbuot markazida bo`lib o`tgan brifingda ham «Biznesni rivojlantirish banki» ATB Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov bankning ayni yo`nalishdagi loyihalari haqida axborot berdi.
Qayd etilganidek, bank tizimidagi mavjud 174 ta biznes jarayondan 104 tasi to`liq raqamlashtirilgan.
«Biznesni rivojlantirish banki»ning «BRB» mobil ilovasi har tomonlama takomillashib bormoqda. Jumladan, ilovada taqdim etilayotgan «Ish haqigacha» kredit xizmati orqali foydalanuvchilar skoring tekshiruvidan o`tish yo`li bilan o`zlarining kredit limitlarini aniqlashlari va istalgan vaqtda foydalanish imkoniyatiga ega. Bugungi kungacha mazkur xizmat orqali mijozlarga 17 mlrd so`m pul mablag`lari ajratildi.
Shuningdek, mijozlarga uzluksiz 24/7 rejimda taklif etilayotgan «Onlayn mikroqarz» xizmati bo`yicha 2025 yil davomida 2 170 ta ariza bo`yicha 41,6 mlrd so`m kredit mablag`lari ajratildi.
Shubhali operasiyalarni oldini olish hamda firibgarlik holatlarini cheklash maqsadida mobil ilovada «Telekom antifrod» va «Session antifrod» tizimi joriy etildi. O`tgan vaqt mobaynida tizim yordamida 19 547 ta holatda shubhali operasiyalarning oldi olindi.
Bugungi kunga kelib «BRB» mobil ilovasi faol foydalanuvchilari soni 490 mingdan oshgan.
Bank tomonidan yuridik shaxslar uchun ham qator xizmatlar taqdim etilmoqda. Jumladan, yuridik shaxslar uchun «Kredit konveyer» platformasi joriy etildi.
Ushbu tizim orqali dastlabki 2 oy ichida 500 ga yaqin tadbirkorga qariyb 100 mlrd so`m kredit ajratildi.
«Biznesni rivojlantirish banki»ning “Biznes 24/7” platformasi esa yuridik shaxslarni ro`yxatdan o`tkazish, buxgalteriya, soliq hisobotlari, kredit va sug`urta mahsulotlarini bir joyda, 24/7 rejimida taqdim etish imkonini beradi.