23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning muzokaralari bo`lib o`tdi. Suhbat BMT Bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida o`tkazildi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat etakchilari O`zbekiston-AQSh strategik sherikligini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga ega masalalarni muhokama qildilar.
Shavkat Mirziyoev Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi va uning xalqaro barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan sa`y-harakatlarini yuqori baholadi. O`z navbatida, AQSh Prezidenti Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatladi.
Suhbatda so`nggi yillarda siyosiy muloqot va ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, turli yo`nalishlarda yirik shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilgani ta`kidlandi. Ularning amalga oshirilishi ikki mamlakatda minglab yangi ish o`rinlari yaratishi qayd etildi.
Donald Tramp kuni kecha Shavkat Mirziyoevning AQShning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan o`tkazgan uchrashuvini samarali deb baholadi.
Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev Donald Trampni O`zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Uchrashuv ochiq, konstruktiv va do`stona ruhda o`tdi.