Markaziy bank 2025 yilning avgust oyidagi inflyasiya ko`rsatkichlarini e`lon qildi.
Umumiy yillik inflyasiya 2022 yilda 12,3 foiz bo`lgan; 2023 yilda pasayib, 8,8 foiz, 2024 yilda biroz oshib, 9,8 foiz, 2025 yil avgust holatida yana 8,8 foizga tushgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Infografikaga ko`ra, ba`zi oziq-ovqatlar narxi sezilarli darajada pasaygan, boshqalari esa keskin oshgan:
Avgustda qovoq (-52,8 foiz), uzum (39,5 foiz), pomidor (34,7 foiz), guruch (-17,8 foiz), olma (-16,6 foiz) va bodring (-15,3 foiz) narxlari pasaydi.
Hisobot davrida oziq-ovqatlar tarkibida sabzi (69,1 foiz) karam (46,5 foiz) va piyoz (40,1 foiz) narxi eng tez o`sgan mahsulot bo`ldi. Bundan tashqari, quyidagi mahsulotlar narxlari ham sezilarli qimmatlagan:
• Paxta moyi (yoki o`simlik yog`i): +39,4 foiz
• Kartoshka: +32,0 foiz
• Qo`y go`shti: +28,5 foiz
Nooziq-ovqat tovarlar
Avgustda nooziq-ovqat mahsulotlari narxi biroz pasaygan. Xususan, propan -6,1 foizga, qog`oz A4 -4,6 foizga, oshxona texnikasi -3,3 foizga arzonlagan.
Oltin narxlari global bozorda rekord darajada qimmatlashi zargarlik buyumlarida ham aks etgan – nikoh uzugi 33,2 foizga qimmatladi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari tarkibida metan narxi 31 foizga, gazeta 15,3 foizga, benzin 11,1 foizga, atir sovun 10,1 foizga, vitaminlar 9,9 foizga oshdi.
Xizmatlar
Avgustda pul o`tkazmalari uchun haq to`lash narxlari 0,3 foizga, nodavlat OTMda o`qish 1,3 foizga, simli internet 1,8 foizga arzonladi.
Avgustda narxi eng tez o`sgan xizmat haydovchilik kurslari bo`ldi – hisobot davrida bu xizmat narxi 71,3 foizga oshdi. Shuningdek, ichki yo`lovchi havo transporti xizmatlari 59,5 foizga, tarmoq gaz 39,2 foizga, sovuq suv 34,1 foizga, chiqindi tashish 23,9 foizga, davlat bog`chalari xizmatlari 21 foizga qimmatladi.
Yillik narx o`sishi 10 foizdan past bo`lgan mahsulotlar oziq-ovqat mahsulotlarida 83 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlarida 96 foiz va xizmatlarda 42 foizni tashkil qiladi. Raqamlar xizmatlar guruhida yuqori inflyasiyali elementlar eng yuqori ko`rsatkichga ega ekanini ko`rsatmoqda – 48 foiz.