Senatning Agrar, suv xo`jaligi masalalari va Ekologiya qo`mitasi tomonidan chiqindilarni to`plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to`lov intizomini, qonun ijrosini ta`minlash mexanizmlari hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq manzilli savollar yo`llandi.
Ma`lumki, “Ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to`plash va olib chiqish xizmatlarini ko`rsatish sohasida to`lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi qonunga muvofiq maishiy chiqindilar xizmati uchun majburiy to`lov bo`yicha qarzdorlik mavjud bo`lgan taqdirda, iste`molchi mazkur qarzdorlik haqida SMS orqali ogohlantirilganidan so`ng 5 kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmasa, elektr energiyasi bo`yicha to`lovlarni qabul qilish vaqtinchalik to`xtatilishi nazarda tutilgan.
Biroq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning HET ilovasida aholi tomonidan maishiy chiqindi xizmati bo`yicha qarzdorlik haqidagi ma`lumotlar aks etmayotgani, “Toza makon” elektron billing tizimi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimi o`rtasida to`liq integrasiya ta`minlanmagani, shuningdek, ayrim iste`molchilarda chiqindi xizmati bo`yicha shartnoma mavjud emasligi hamda abonent hisobraqamlaridagi noaniqliklar jamoatchilikda tashvish tug`dirmoqda.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Senat qo`mitasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligiga hamda Energetika vazirligiga ma`lumotlar almashinuvi jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan aniq ma`lumot va ularni bartaraf etish bo`yicha amaliy takliflar taqdim etish so`raldi.