1 foiz tomoshabinni jalb qilish uchun yarim trillion so`m mablag` ajratilmoqda

03.01.2024 14:21

Norasmiy bo`lsa-da, hamma biladigan haqiqatni raqamlarda aks ettirgan so`rovnoma natijasi.

O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi uchun har yili davlat byudjetidan yarim trillion so`mdan ko`p mablag` ajratiladi. 2024 yilga ham davlat byudjetidan MTRK uchun 559 mlrd 913,6 mln so`m mablag` ajratildi. Yiliga yarim trillion ajratiladigan bu targ`ibot mashinasining tomoshabinlari qancha? 

2024 yil kirib kelishi arafasida barcha telekanallarda bayram dasturlari efirga uzatildi. Rost24.uz sayti "Bayram kunlari qaysi telekanalning bayram dasturlarini tomosha qildingiz?" mavzusida anonim so`rovnoma o`tkazdi. So`rovnomaga 31,5 mingdan ko`p ovoz berilgan. 

So`rovnoma natijalariga ko`ra, davlat byudjetidan yarim trillion ajratiladigan 13 ta telekanaldan iborat targ`ibot kompaniyasining mahsulotini yangi yil kunlari atigi 1 foiz odam tomosha qilgan. Bu esa, hamma bilgan va kutgan, ammo juda achinarli natija hisoblanadi. Xalq to`laydigan soliqlardan shakllangan davlat byudjeti hech kim tomosha qilmaydigan telekanallarni shu tarzda boy qilmoqda. Aslida davlat siyosatini, jahondagi yangiliklarni tezkorlik bilan etkazib berishi mumkin bo`lgan telekanallamedrni hech kim tomosha qilmaydi. 

Rost24.uz sayti jamoatchilik o`rtasida o`tkazgan so`rovnomada ham aholi davlat telekanallarida bir xillik borligi, rivojlanish yo`qligi, efirga uzatiladigan axborotlarda yangiliklar yo`qligini aytib o`tgan.

So`rovnoma natijasi yana bir xavotirni uyg`otmoqda. Ya`ni, ovoz beruvchilarning 2 foizi Rossiya telekanallarini kuzatganini bildirgan. 

Shuningdek, 13 foiz ovoz beruvchilar hech qaysi telekanalni tomosha qilmasligini ma`lum qilgan. Eng ko`p ovozni davlat byudjetidan bir chaqa ham ajratilmaydigan xususiy telekanal – Zoʻr Tv olgan. Ovoz beruvchilarning 63 foizi mazkur telekanalga ovoz bergan bo`lsa, yana bir xususiy telekanal - Sevimli Tv 13 foiz ovoz bilan 2-o`rinni egallagan. 

Jurnalistlar uchun yopiq bo`lgan davlat amaldorlari ham "O`zbekiston24" kabi davlat telekanallariga hech ikkilanmasdan intervyu berishadi. Ammo, bu targ`ibot-intervyularni ham o`sha amaldorning o`zidan boshqa yana kimdir ko`rayaptimi, degan savol tug`iladi.

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар