Arab va musulmon davlatlari etakchilari 11 noyabr kungi sammitda G`azoga hujumni zudlik bilan to`xtatishga chaqirib, Isroilning falastinliklarga qarshi harakatlarini o`zini-o`zi mudofaa qilish sifatidagi oqlovini rad etishdi.
Ar-Riyodda tashkil etilgan yig`ilishga Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, Turkiya prezidenti Toyyib Erdo`g`on, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Al Soniy va bu yil Arab Ligasiga qaytadan qabul qilingan Suriya prezidenti Bashar al-Assad kabi o`nlab etakchilar tashrif buyurdi. O`zbekiston nomidan Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Mazkur favqulodda qo`shma sammit ishtirokchilari Xalqaro Jinoiy Sudni “Isroil tomonidan Falastin hududida sodir etayotgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar”ni tergov qilishga chaqirdi.
Musulmon-arab mamlakatlari etakchilarining sammitda so`zlagan nutqidan iqtiboslar:
Saudiya Arabistoni Shahzodasi Muhammad bin Salmon: "Xavfsizlik Kengashi va xalqaro hamjamiyat Isroilning xalqaro qonunlarni qo`pol ravishda buzishiga chek qo`ya olmaganini isbotlovchi gumanitar falokatga duch keldik. Falastindagi birodarlarimizga qarshi olib borilayotgan bu vahshiy urushni qoralaymiz va qat`iyan rad etamiz”.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos: "Falastinliklar genosid urushi oldida turibdi, Qo`shma Shtatlarni Isroil tajovuzini to`xtatishga chaqiramiz".
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy: "Isroilga qarshilik ko`rsatishdan boshqa yo`l yo`q. Biz HAMASning Isroilga qarshi qarshilik ko`rsatgani uchun qo`llarini o`pamiz. Islomiy mamlakatlarni Isroilning neft va tovarlariga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqiramiz ".
Turkiya prezidenti Erdo`g`on: "Bizga G`azoda bir-ikki soatlik pauza emas, balki doimiy o`t ochishni to`xtatish kerak".
Qatar amiri Tamim bin Hamad: "Xalqaro hamjamiyat qachongacha Isroilga xalqaro qonunlardan ustundek munosabatda bo`ladi?"
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov: "Biz Falastin bilan birga ekanimizni yana bir bor qat`iy bildiramiz. O`zbekiston Falastinning BMT va Islom Hamkorlik Tashkilotining muqaddam qabul qilingan rezolyusiyalariga muvofiq o`z mustaqil davlatini barpo etish huquqini qo`llab quvvatlaydi".