Falastin elchisi BBC va boshqa yirik medialarni Isroilga yonbosishda aybladi.
Falastinning Britaniyadagi elchisi Husam Zomlot Bi-Bi-Si (BBC) teleradiokompaniyasining jonli efirida suhbatdosh jurnalistning «Tinch aholini o`ldirayotgani uchun faqat Isroilni qoraladingiz, tinch aholini o`ldirayotgan HAMASni esa qoralamaysiz?» degan mazmunda bergan savoliga javob berar ekan, yirik medialarni Isroil-Falastin mojarolarini noxolis yoritishda aybladi:
— Luis, Isroil rasmiylaridan necha marta intervyu olgansiz? Yuzlab marta! Isroil shundoq kameralaringiz qarshida necha marta harbiy jinoyatlar sodir etgan? Siz ular bilan intervyularni ham o`zlarining harakatlarini qoralashlarini so`rashdan boshlaysizmi? Yo`q, unday qilmaysiz.
Bilasizmi, men nega bu savolingizga javob berishdan bosh tortdim, chunki men bu savolning mazmunini rad etaman. Chunki bu savolning tagida bo`layotgan voqealarni noto`g`ri talqin qilish yotibdi. Chunki doim falastinliklardan o`zlarini o`zlari qoralash talab qilinadi. BBC va boshqa asosiy medialar 75 yil davomida shunday qilib keladi. Isroilliklar o`ldirilgan paytlarda bizni intervyuga chaqirasizlar. Oxirgi oylarda g`arbiy sohilda 200 dan ortiq falastinlik o`ldirilganda nega meni shu erga chaqirmadingiz? Isroil Quddusda va boshqa joylarda shunga o`xshash provakasiyalar qilsa meni chaqirarmidingiz?
Oxirgi 48 soat ichida Isroilning boshiga tushgan fojialarini Falastin 50-70 yildan buyon har kuni boshdan kechiradi. Siz, G`azodagi vaziyatni bilasiz, hozirgina uni tasvirlab berdingiz. G`azo — ochiq osmon ostidagi eng katta qamoqxona. U erdagi 2 million kishi 16 yildan beri Isroil tomonidan asirlikka olingan. Men aytmoqchi bo`lgan gap shuki, bu ritorikadan, bunday xavfli fikrlash qolipidan voz kechish vaqti keldi. Odamlarga ba`zan xunuk bo`lsa-da rost haqiqatni aytib turish ham kerak», — dedi Falastinning Britaniyadagi elchisi. (Kun.uz tarjimasi).