4 milliard so`mlik noqonuniy tovar uchun bojxonachiga 9400 dollar pora taklif qilindi

09.02.2021 03:01

Davlat bojxona qo`mitasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxsning kirdikorlari fosh etildi.

Ushbu shaxs 2020 yilning dekabr oyida bojxona xodimlaridan birining telefon raqamlarini topib qo`ng`iroq qiladi va uchrashib gaplashib olishni taklif qiladi.

O`zaro uchrashishganida esa ushbu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan etib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga o`rnatilgan inspeksion ko`rik majmuasi orqali skanerdan o`tkazmaslikni hamda “Xavfni boshqarish tizimi”da xavf guruhiga kiritmaslikni so`raydi. Aks holda ushbu konteynerlar bojxona ko`rigidan o`tkazilishi mumkin edi. Shu sababli, notanish shaxs bojxona xodimiga pora taklif qiladi.

Ammo, o`z ishiga vijdonan yondashgan bojxona xodimi kasbiga sadoqat namunasini ko`rsatib, belgilangan tartibga muvofiq zudlik bilan bu haqida o`z rahbariyatini xabardor qiladi.

2021 yil yanvar oyining boshlarida “tadbirkor” bojxona xodimiga jami 9400 AQSh dollari va 1 dona qimmatbaho qo`l soatini pora tariqasida beradi. Tezkor tadbir aynan shu erga kelganida tugatilishi mumkin edi, ammo bu vaqtda konteynerlar hali O`zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelmagani bois tezkor tadbirning ikkinchi bosqichiga start beriladi.

2021 yilning 14-15 yanvar kunlari kutilgan 3 ta konteyner “Chuqursoy texnik idora” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib keladi va belgilangan tartibda inspeksion ko`rik majmuasi orqali ko`zdan kechiriladi.

Tabiiyki, konteynerdagi yuklar bilan ularga tegishli hujjatlar o`rtasida tafovutlar aniqlanadi hamda chuqurlashtirilgan bojxona ko`rigidan o`tkazish belgilanadi.

Yuklarni bojxonada rasmiylashtirish uchun yuk egalarining xohishiga binoan konteynerlar Farg`ona viloyatidagi “Qo`qon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo`naltiriladi. Ushbu postga etgunga qadar konteynerlar bojxona plombalari bilan muhrlangan holatda bo`ladi va ularni yo`l davomida ochish mumkin emas.

Lekin, konteynerlar Dang`ara tumanidagi qishloqlardan biriga keltirilgach, ko`zdan pana joyda ulardagi plombalarga shikast etkazilmagan holatda ochiladi hamda konteynerdagi qiymati baland bo`lgan tovarlar – velosipedlar va ularning ehtiyot qismlarini qiymati past bo`lgan boshqa tovarlarga almashtirishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan fosh qilinadi.

Shuningdek, bu erda konteynerning temir asoslarini kesib ochishda foydalanilgan moslamalar, bunda qirilgan va rangi ko`chgan qismlarni bo`yash uchun bo`yoq va boshqa ashyoviy dalillar ham olindi.

Shunday qilib, voqea joyida tezkor xodimlar tomonidan qiymati 4 mlrd. 160 million so`mlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli o`lchamdagi velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSh dollari va 1 dona qo`l soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар