28 sentyabr kuni tungi soat 02:43 da Toshkent shahrining Sergili tumanidagi “Quruvchilar” massivida joylashgan Inter Logistik MJChga tegishli bo`lgan omborxonada yong`in chiqib, portlash sodir bo`lgan.
Rost24.uz voqea joyiga borib aholi bilan suhbatlashdi.
«Kechasi uyg`onib ketdim. Yong`in bo`layotgan ekan. Bolalarimni ham uyg`otdim, chunki tashqaridan o`t o`chiruvchi mashinalarning sirenalari eshitilayotgan edi. Oynani yaxshiroq yopib uzoqlashgan edim. Birdan portlash bo`lib, uyning deraza romi men yotgan joyga kelib tushdi. Alloh bir saqladi, bolalarimni olib tashqariga chiqib ketdim», – deydi, portlash joyga yaqin joyda yashovchi Feruza opa.
Ushbu hodisadan jabr ko`rgan aholi vakillaridan yana biri yong`in haqida shunday deydi:
«Bizning uyimiz sal uzoqroq edi, ammo bizgacha sezildi. Uyimizning kirish qismi ikkiga bo`lingandek bo`ldi, oynalar sinib ketdi. Uyda nevaralarim bor edi, ular ham qo`rqib ketishdi. Oynadan qarasak, tarelkaga o`xshash narsa ko`rindi. Bittasi ko`p qavatli uylarga qarab, yana biri esa, biz tarafga keldi. Bizning mahalladagi 26 ta uyning hammasi jabr ko`rdi. Yangi qurilgan uylarning tom-shiplari tushib qolgan. Kelinim homilador, tez tibbiy yordamda ishlaydi. Ular kechasi bilan shu erda jabr ko`rgan fuqarolarni Respublika tez tibbiy yordam birlashmasiga olib borishgan. O`zimni ham biroz qon bosimim ko`tarildi».
Boshqa jabr ko`rgan aholi vakillari bilan ham suhbatlashishga harakat qildik, ammo ularning ko`pchiligi tushkun holatda bo`lganligi uchun savollar bilan bezovta qilmadik.
Voqea joyida tuman hokimligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ish olib bormoqda. Sergeli tuman hokimi Elbek Shukurov fuqarolarga barcha sharoitlar yaratilganini ma`lum qildi. Ushbu hodisadan keyin prezident topshirig`i bilan bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida 16 kishidan iborat hukumat komissiyasi tuzilgan.
Portlash oqibatida jabr ko`rgan fuqarolarga 10 kun ichida yordam ko`rsatilib, turarjoylari ta`mirlab berilishi va`da qilingan.