“Uy bozori”dagi yagona savol: ijara narxlarining oshishiga kim sababchi?

05.09.2023 18:19

Har yangi o`quv yili boshida talabalar turarjoy topish bilan bog`liq muammolarga duch keladi. Yotoqxona bilan ta`minlanmagan talabalar ijarada turishga majbur. Ayniqsa, poytaxtda ijara uylariga talab yuqori.

Bir necha kundirki, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan uy bozori talabalar bilan to`lgan. Xo`sh, talabga yarasha taklif bormi? Ijara narxlari qanday?

Rost24.uz talabalarning ijaraga uy olish jarayoni va muammolari bilan tanishdi.

“Uy bozori”da ijaraga xonadon izlab yurgan talabalardan biri Toshkentdagi kvartiralar narxi insonlar olayotgan maoshga nisbatan ancha qimmatligini aytadi.

«Ayniqsa, viloyatdan kelgan talabalar uchun bu qiyinchilik tug`diradi. Ertalabdan buyon ijaraga uy qidirib yuribmiz, lekin hali ham topa olmadik. Yaxshi sharoitga ega kvartiralar 500 - 400 dollar atrofida, undan kamiga topa olmaysiz. Uy egalari kvartirada 4-5 kishi yashashini talab qilyapti. Bu degani 1 nafar odam oylik ijaraga 100 dollar to`lashini bildiradi. Qolaversa, vositachilik haqi ham yuqori. Masalan, 400 dollarlik uyda ijaraga turmoqchi bo`lsak, bugunning o`zida 600 dollar berishimiz kerak», — deydi turarjoy izlab yurgan talabalardan biri.

Uy narxlari bo`yicha xalq tilida “makler” deb aytiladigan vositachilarga murojaat qildik. Ularning aytishiga ko`ra, kvartiralar narxi qimmatligiga odamlarning yuqori foizli ipoteka krediti olgani sabab bo`lmoqda ekan.

«Kvartira narxlari oshishiga maklerlar sababchi emas, har yili sentyabr oyida ijara xonadonlariga talab yuqori bo`ladi va shunga qarab narxlar yuqorilaydi. Bundan tashqari, hozirda odamlarning ko`pchiligi ipoteka kreditiga uy xarid qilmoqda. Ipoteka foizlari yuqoriligi sabab kvartiralar ijara narxi ham qimmatlashib bormoqda», — dedi “uy bozori”da faoliyat olib boruvchi “makler”lardan biri.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар