Ukrainaning O`zbekistondagi elchixonasi murojaat bilan chiqib, fuqarolarni urushda ishtirok etmaslikka chaqirdi.
«Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida olib borilgan jangovar harakatlar paytida Rossiya armiyasi xorijiy fuqarolarni urushga jalb etmoqda. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma`lumotlariga ko`ra, vaqtincha ishg`ol qilingan Donesk viloyati Gorlovka shahrida joylashgan Rossiya kuchlarining bo`linmalarida O`zbekiston Respublikasi fuqarolari borligi aniqlangan.
Ushbu shaxslar Ukraina davlat chegarasini noqonuniy kesib o`tib, Rossiya Federasiyasi tomonidan vaqtincha bosib olingan Ukraina hududiga qurilish ishlarini olib borish uchun kelgan. Mariupol (Ukraina) shahriga etib kelganidan so`ng, ularning pasportlari olib qo`yilgan va bu fuqarolar Rossiya Federasiyasi kuchlari safiga ko`ngilli sifatida safarbar qilingan», — deyiladi Ukrainaning O`zbekistondagi elchixonasi xabarida.
Elchixona O`zbekiston fuqarolarini Rossiya Federasiyasining Ukrainaga qarshi urushida qatnashmaslikka va vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqiradi. Ushbu qoidalarni buzganlar Ukraina qonunlari va xalqaro huquq normalari asosida javobgarlikka tortiladi.
Avaalroq, Mariupolga qurilishga deb jalb qilingan o`zbekistonliklarning pasportlari olib qo`yilgani hamda majburiy urushga safarbar qilingani haqida xabar bergandik.