Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qo`shinlari uchun asosiy ta`minot arteriyasi va Prezident Putinning shaxsan o`zi ochgan nufuzli loyiha – Qrim ko`prigidagi portlashda ikki kishi (erkak va ayol) halok bo`ldi va ularning qizi og`ir yaralandi. Portlash 17 iyulga o`tar kechasi sodir bo`ldi, deya yozmoqda OAV.
Qrim rahbari Sergey Aksenov soat 4:21 da Krasnodar o`lkasining 145-tayanch hududida yuz bergan “favqulodda holat” tufayli ko`prikda harakat to`xtatilganini ma`lum qildi.
Rossiya Transport vazirligining ma`lum qilishicha, ko`prikning Qrim tomonidagi yo`lagi shikastlangan, ammo tayanch ustunlari zararlanmagan. Huquq-tartibot idoralari hozircha hodisa sabablariga izoh bermadi.
Qrim parlamenti rahbari Vladimir Konstantinov ko`prikdagi portlashda Ukraina tomonini aybladi.
«Bugun tunda Kievdagi terror rejimi yangi jinoyat sodir etdi — Qrim ko`prigiga hujum qildi. Kievdagilar o`tish joyining avtomobil yo`li fuqarolik ob`ekti ekanini bilmasligi mumkin emas. Ammo bu terrorchilarni hech qachon to`xtatmagan. Kelajakda ham to`xtatmaydi. Ularni faqat bunday zarbalarni berishning jismoniy imkoniyatidan mahrum qilish, shuningdek, har bir bunday zarba uchun jazo muqarrarligi bilan to`xtatish mumkin», – degan u.
Ukraina mudofaa vazirligining davlat qo`mitasi spikeri Andrey Yusov esa holatga izoh berarkan, “Qrim ko`prigi – u erda konstruksiya ortiqcha” deya javob qildi.
«Biz faqat Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedkasi rahbari Kirill Budanovning “Qrim ko`prigi – u erda ortiqcha konstruksiya” degan so`zlaridan iqtibos keltirishimiz mumkin», – deya ta`kidladi Yusov Ukraina ommaviy axborot vositalariga.