2024 yilda O`zbekistonda sel toshqinlari xavfi yuqori bo`ladi, – iqlimshunos

12.07.2023 20:36

Butun dunyoda iqlim o`zgarishi davom etmoqda. Ammo bu jarayon O`rta Osiyo, xususan, O`zbekistonda tezlashib ketdi. Buni tez-tez sodir bo`layotgan chang bo`ronlari, kuchli yog`ingarchilik va jazirama issiq ob-havo sharoiti isbotlab turibdi.

Rost24.uz sayti iqlim o`zgarishi bilan bog`liq muammolarning sababi va kelgusida O`zbekistonni qanday iqlim sharoiti kutayotganini bilish uchun iqlimshunos olim Erkin Abdulaxatov bilan suhbatlashdi:

“Dunyoda iqlim o`zgarishidan boshqa hech qaysi bir masala yo`qki,  dunyo prezidentlarini har yili bir stol atrofida yig`ilishga majburlasa. Iqlim o`zgarishi deb, hozirgi davrdagi iqlim sharoitlarining avvalgisiga nisbatan farq qilishiga aytiladi. O`tgan asrning 60-70 yillarida yashagan inson u paytda qishning sovuq va qorli bo`lgani, jazirama yozda issiq ob-havoli kunlardan so`ng salqin havo massalari kirib kelishi kuzatilganini tasdiqlaydi. Iqlim o`zgarishi ortidan O`zbekistonni qurg`oqchilik kutmoqda va bu yog`ingarchilikka ham ta`sir qiladi.

Ko`pchilik bizni nima kutayotganini so`raydi, qurg`oqchilikmi yoki yog`ingarchilikmi? Buni tushuntirishga harakat qilaman. Avvallari yog`insiz mavsumdan so`ng, bahor-kuz oylarida yomg`ir, aniqrog`i, mayda-mayda yomg`ir yog`gan, hozir esa iqlim o`zgarishi, issiqxona gazlarining ko`payishi va havoning isib ketishi atmosferaga ta`sir ko`rsatib, muzliklar erishiga, okean suvlarining ko`proq bug`lanishiga olib kelmoqda va bu o`z-o`zidan quruqlik va atmosferadagi sirkulyasiya jarayonlarini, havo oqimlari shakllanish muvozanatini buzib yuborgani hisobiga jala yomg`ir yog`ishi, sel hodisalarini ko`paytirib yubordi. Ya`ni yomg`irsiz kunlar ko`proq davom etadi va buning ortidan kuchli jala yomg`ir yog`adi.

Bundan keyingi mavsum bahor, yoz oylari sel, suv-toshqini xavfi O`zbekistonda yuqori bo`ladi. Chunki El-Nino davrida doimo bunday hodisalar kuzatilgan. El-Nino hodisasi Tinch okeani yuzasida suv haroratining odatdagidan 3-4 darajaga isib ketishi natijasida kuzatiladigan va atmosferaga ta`sir o`tkazadigan eng katta tabiiy hodisalardan biri. Tarixda har bir El-Nino davrida mamlakatlar juda katta tabiiy falokatlar va iqtisodiy yo`qotishlarga uchragan. Shuni ham aytish kerakki, har bir El-Nino avvalgilariga nisbatan kuchliroq va talofatliroq bo`lgan. Bunday vaqtda insonlar vahimaga tushmasdan unga ruhan tayyorlanishi lozim”, – dedi iqlimshunos olim Erkin Abdulaxatov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар