Rossiyadan O`zbekistonga kelayotganlar qochqinlarmi yoki sayyohlar?

01.07.2023 10:53

•Rossiya-Ukraina urushi boshlangan yili 39 mingga yaqin rossiyalik O`zbekistonga ko`chib o`tgan.

•2023 yilning o`tgan (yanvar-may) 5 oyida Rossiyadan 279,8 ming nafar fuqaro turistik maqsadlarda O`zbekistonga kelgan. Bu ko`rsatkich o`tgan yilning mos davrida – 132,1 ming nafarni tashkil qilgan ya`ni bu yil rossiyalik turistlar soni 147,7 mingtaga ko`paygan.

•Faollar Rossiyalik turistlar ko`payishini Ukraina-Rossiya urushi bilan bog`lab, “yoshlar notinch mamlakatdan chiqib ketib, shu bahona O`zbekistonni aylanib yuribdi”, degan taxminni bildrishmoqda.

***

O`tgan yili fevralda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi dunyo siyosiy muvozanatiga sezilarli ta`sir ko`rsatdi. “Maxsus harbiy operasiya”, “nasizmga qarshi kurash” kabi shiorlar vaqt o`tib tinch aholini qirish-o`ldirish bilan davom etdi. Bu albatta, jang maydonlari ortida yashayotgan tinch aholini urush hududidan uzoqlashishga yoki mamlakatni (vaqtincha) tark etishga undaydi. Rossiya Prezidentining urushga safarbarlik e`lon qilishi bu jarayonni yanada tezlashtirdi.

O`zbekistonda rossiyalik sayyohlar ham ancha ko`payib qolgani sezildi. 

«Buning sababi o`sha Ukraina-Rossiya urushidir: yoshlar notinch mamlakatdan chiqib ketib, shu bahona O`zbekistonni aylanib yuribdi», — deya sabablarini ham izohlab yozadi bloger Eldar Asanov.

Rossiya fuqarolarining O`zbekistonga kelishi keskin ortganini aniq raqamlar misolidan taqqoslaymiz:

2023 yilning o`tgan (yanvar-may) 5 oyida 2,6 mln. nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O`zbekistonga kelgan. Ulardan eng ko`pi qo`shni davlatlar — Tojikiston (797,8 ming), Qozog`iston (656,5 ming) va Qirg`iziston (649,5 ming) fuqarolari hissasiga to`g`ri keladi. Bulardan keyin esa 279,8 ming nafar fuqarosi bilan Rossiya to`rtinchi o`rinda turibdi. So`ng esa Turkiya (39,5 ming nafar).

Agar bu raqamlarni Rossiya misolida bir yil oldingi (yanvar-may) 5 oylik ko`rsatkich bilan solishtiradigan bo`lsak, 2022 yili — 132,1 ming nafarni tashkil qilgan ya`ni o`tgan yilga nisbatan joriy yil 147,7 ming nafarga ko`proq bo`lgan. Umumiy hisobda esa 2022 yilning 9 oyida Rossiyadan 395,1 ming nafar fuqaro turistik maqsadda O`zbekistonga kelgan (IIV Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi ma`lumotida esa jami 318,1 ning nafar deyilgan).

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldin ham ko`rsatkichlar shundaymidi?

2021 yilning 9 oyida O`zbekistonga turistik maqsadlarda jami 1 mln. 135,6 ming nafar chet el fuqarolari kelgan. Bu – 2022 yilning mos davriga nisbatan qariyib 2,5 mln. nafarga kam (2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida 3,6 mln. nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O`zbekistonga tashrif buyurgan).

Rost24.uz aynan 2021 yilda ya`ni Rossiya-Ukraina urushidan bir yil oldin Rossiyadan qancha fuqaro O`zbekistonga turist sifatida kelganini aniqlay olmadi. Statistika agentligidan ushbu ma`lumotlarni taqdim etish so`ralganda, “agentlik (Telegram) kanalida bor” degan javob olindi. 
 
Shunday bo`lsada, Rost24.uz Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlari ichidan yuqorida qayd etilgan 1 mln. 135,6 ming nafar chet el fuqarolari O`zbekistonga qanday maqsadlarda kelganligi bo`yicha ma`lumotlarni topdi. Ular: qarindoshlarni yo`qlash – 954,4 ming nafar;  dam olish – 106,6 ming; xizmat yuzasidan – 40,8 ming; davolanish – 17,9 ming; tijorat – 10,8 ming va o`qish maqsadida – 4,8 ming nafar chet el fuqarolari O`zbekistonga kelgan.

Ko`rib turganingizdek, 2021 yilda dam olish maqsadida bor-yo`g`i – 106 ming sayyoh tashrif buyurgan. Balki, bu 2020 yil 11 mart sanasida JSST tomonidan e`lon qilingan pandemiya bilan bog`liqdir.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2022 yilda 39 mingga yaqin rossiyalik O`zbekistonga ko`chib kelgan. Qo`shnilarimiz — Tojikistonga esa 58,4 ming, Qirg`izistonga 43,6 ming va Qozog`istonga 40,7 ming nafar Rossiya aholisining ko`p qismi ko`chib borgan. Umuman olganda o`tgan yili Rossiyadan MDH davlatlariga 368 ming kishi chiqib ketib, 294 ming nafari qaytgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар