Milliy gvardiyaga ham ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha bayonnoma tuzib, jarimaga tortish vakolati berilmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalar qo`mitasi majlisida “Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko`rib chiqilib, tegishli qarori qabul qilingan. Bu haqda parlament yuqori palatasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu Qonun loyihasi bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni olib yurishga oid ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha ishlarni ko`rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko`rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo`shimcha vakolatlar berish nazarda tutilmoqda.
Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga etmagan shaxsni ma`muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g`ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste`mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ`ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.
Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko`rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qo`llash huquqi berilmoqda.
Ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni ko`rib chiqishda qonuniylikni ta`minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan qonunda ko`rsatilgan boshqarma (bo`lim) boshliqlari va ularning o`rinbosarlari ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlarni qo`rib chiqishga va jarima jazosini qo`llashga haqli ekanli belgilanmoqda.