Bosh prokuratura xabarida qayd etilishicha, 16 yanvar kuni Kattaqo`rg`on tumani Oltinsoy qishlog`ida yashagan 26 yoshli erkak va uning 18 yoshli turmush o`rtog`i yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etishgan.
Shu kuni marhumlar yaqin qarindoshlari tomonidan dafn etilgan.
Biroq, Kattaqo`rg`on tumani IIB va tibbiyot birlashmasiga ham kelin-kuyov vafot etganliklari haqida xabar kelib tushmagan.
Marhumlarning yaqinlari ushbu holat haqida ichki ishlar organlari va boshqa tashkilotlarga xabar bermaganliklari aniqlangan.
Tekshirish davomida Kattaqo`rg`on tuman IIB, tuman hokimligi Mahalla va oilani qo`llab quvvatlash bo`limi, tuman Oila va xotin qizlar bo`limi hamda «Samarqand hududgaz» korxonasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.
Kattaqo`rg`on tuman prokuraturasi tomonidan voqea joyi ko`zdan kechirilib, marhumlarning o`lim sabablariga aniqlik kiritilmoqda.
Tekshirish harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov Kattaqo`rg`on tumani Oltinsoy qishlog`ida 28 kunlik kelin-kuyov tuproqqa qo`yilganini yozgandi.
Uning ma`lumotlariga qaraganda, tun yarmida gaz tarmoqdan uzilgan va qayta yoqilgan. Olov o`chgach, sizgan gaz tufayli uyqudagi kelin-kuyovni zaharlangan. Ular ertalab xonadonida o`lik holda topilgan.
«Tuman gaz idorasi aza boshlanmasidan xonadon egalarini texnika xavfsizligiga rioya qilmaslikda ayblab, dalolatnoma to`ldirib ketishdi.
Shohro`z A`zamov yangi yil arafasida uylangandi. Ko`pchilik qatori bir olam orzulari bor edi, essiz… Oila fojiasi - millat fojiasi, deydilar.
O`sha kuni qishloqqa hokim kelgan ekan. Gazchilar bu vallomatga yaxshi ko`rinish uchun gazni balandlatib, masxarabozlik qilishgan. Kechasi chegirib qolamiz, deganmi, bilmayman.
Odamlar o`lishi uchun urush bo`lishi shart emas. Mutasaddilarning uquvsiz va ahmoq bo`lishi etarli», deb izohlagan huquq faoli.