Bugun hech qanday izohsiz Buxoro-Toshkent yo`nalishi bekor qilingan. Toshkentga ketish uchun vokzalga etib kelgan yo`lovchilar esa yo`lga chiqish vaqtida reys bekor bo`lganidan xabar topishgan.
Bizga murojaat qilgan talabaning yozishicha, u bugun 20 yanvar kuni soat 10:00 da Buxoro avtovokzalidan yurishi kerak bo`lgan 49685-reysga 6 yanvar kuni chipta xarid qilgan. Ammo bugun soat 10:00 da avtovokzalga etib kelganida hech qanday asosli tushuntirishlarsiz avtobus yo`qligi va yurmasligi, pullar qaytarib berilishi aytilgan. Mirshodbek Norov reys bekor bo`lishi bilan bog`liq holatlarda iste`molchilar duch kelishi mumkin bo`lgan muammolarni sanab o`tdi:
«O`zim talabaman, hukumatning dars jarayonlarining boshlanishiga oid tuturiqsiz bayonotlari ortidan chiptani bir necha bor almashtirdik. Avtobuslarga xarid qilingan chiptalarni onlayn almashtirish imkoni yo`q. Falon pul sarflab avtovokzalga borib almashtirdik.
Endi vazirliklar aniq gap aytsa reyslar bekor bo`lyapti. Avtovokzal rasmiylari keltirgan sabablari esa avtobuslarga gaz berilmayotgan emish! Yana Samarqanddan avtobuslarni o`tkazmayotganmish! Birinchi bo`lib O`zDaryoTransni Respublika ishonch telefonlariga qildim, hech kim ko`tarmaydi. Hududiy boshqarma o`zimiz telefon qilamiz deguncha gumdon bo`ldi. Viloyat prokuraturasiga shikoyat qilib bordim: sudga davlat boji to`lab shikoyat qilsam sud ko`rib chiqarkan. Transport prokuraturasiga borishim kerakligini aytishdi. Samarqanddagi yo`llar yopilganini tekshirish uchun Respublika YHXB ga murojaat qildim: yana sansalorlik - falonchi nomerga telefon qiling! U telefonni hech kim ko`tarmaydi! Gaz berilmayotgani bo`yicha aniqlik kiritish maqsadida Energetika vazirligiga bog`lanishga urindim, ikki marta bir xil so`z takrorlanib o`chib qolaveradi. Bog`lanib bo`lmaydi, xullas. Viloyat prokuraturasiga qilgan shikoyatimda «Energetika vazirligi mas`ullari barcha jamoat transportlariga gaz beryapmiz deb bayonot beryapti. Nega unda Avtovokzal bizga boshqacha gap gapiryapti? Yolg`on axborot tarqatgani uchun faqat blogerlar jazolanadimi deya vaziyatni o`rganib, Energetika vazirligining bayonotlari yolg`on bo`lsa, vazirlik mas`ullariga chora ko`rishni so`radim. Prokuratura mas`ulining gapi bitta buni Transport prokuraturasi o`rganadi! Yolg`on axborot tarqatgan yoki yo`qligini ham ular o`rganmas ekan. Shunda ham ariza yozishimni so`radi: axir men shikoyatimni nega og`zaki bayon qildim, yana ariza yozamanmi, axir yozma va og`zaki murojaat teng kuchli emasmi? Muammom hal bo`lmasligini tushunib u erdan chiqib keldim.
O`zi Avtovokzaldan faqat bitta xususiy kompaniyaga tegishli (All Comfort) avtobuslar yuradi. Toshkent avtovokzalida oq avtobuslar tizilib yotadi, ularga bilet sotilmaydi! Faqat qizil «All Comfort» ga sotiladi. Nega? Bu soha ham monopoliyami?
Agarda murojaatimni o`qishayotgan bo`lsa mas`ullardan buzilgan iste`molchilik huquqlarimni tiklashda amaliy yordam berishlarini, Monopoliyaga qarshi kurash qo`mitasidan avtovokzaldagi vaziyatda monopoliya bor yoki yo`qligini o`rganib chiqishlarini so`rayman!", deydi Mirshodbek Norov.
Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent avtovokzali bilan bog`landik, ular Toshkentdan Buxoroga reyslar bekor qilinmaganini aytishdi, lekin Buxoro Toshkent yo`nalishi haqida ma`lumot bera olishmadi.
Buxoro Toshkent yo`nalishi dispetcheri bilan bog`landik va u haqiqatdan ham reyslar bekor bo`lgani, lekin bilet pullari avtovokzalga yo`lovchilar borishsa qaytarib berilishini aytdi. Bir necha barobar almashtirgan talaba uchun yana bir marta avtovokzalga borib, pullarni qaytib olishga to`g`ri kelmoqda. Haqiqatdan ham onlayn olingan bilet pullarini onlayn qaytarib olish imkoni yo`q ekan.
Bu yonilg`i quyishdagi muammo sababli yuz bergan birinchi kechikish holati emas.
17 yanvar kuni soat 15:00 da Urganch avtovokzalidan yo`lga chiqqan «Urganch – Toshkent» yo`nalishi bo`yicha 102 ta yo`lovchi bilan harakatlangan avtobuslar ham gaz taqchilligi sabab yo`lda qolib ketgani aytilgandi.
Avtobuslar 18 yanvar kuni soat 05:30 larda Navoiy viloyatida gaz yonilg`isi tugashi, ushbu hududdagi AGTKShlar ishlamayotganligi sababli qatnovlarni oxiriga etkazishning imkoni bo`lmagan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach Transport vazirligi yo`lovchilarni mehmonxonasiga vaqtinchalik joylashtirilgani va 18 yanvar soat 10:27 larda dizel yonilg`isida harakatlanuvchi avtobuslarni jalb qilgan holda Toshkent shahri yo`nalishi bo`yicha harakat yo`lga qo`yilib yo`lovchilar oxirgi manzilga etkazilganini ma`lum qildi.