Oliy Majlis Senati ikki kunlik tadbirga 3 mlrd. 230 mln. so`m, sovg`a-salomlarga 400 mln. so`m mablag` sarfladi. Sovg`alar orasida har biri 1 mln. 70 ming so`mlik 150 ta sumka, har biri 387 ming so`mlik 15 dona holva va har bir donasi 17 mln. so`m bo`lgan 5 dona suvenir ham bor.
Ikki kunlik tadbir uchun — 3 mlrd 230 mln so`m.
Oliy Majlis Senati 8-9 sentyabr kunlari Toshkent shahrida o`tkazilgan Parlamentlararo ittifoqqa a`zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd. 56 mln. so`mdan ortiq mablag` sarflaganiga Kun.uz e`tibor qaratgan edi. Ma`lum bo`lishicha, tadbirning jami xarajatlari 3 mlrd 230 mln so`mni tashkil qilgan.
Senatning binolardan foydalanish va xo`jalik faoliyati boshqarmasi “Sky Events” MChJ bilan to`g`ridan to`g`ri shartnoma orqali Kongress markazining ijarasi va kofe-breyk uchun 957 mln so`mlik, Kongress markazning zallari uchun 1,2 mlrd so`mlik hamda sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so`mlik shartnomalar tuzgan.
400 mln so`mlik hashamatli sovg`a-salomlar
Senat 27-28 oktyabr kunlari MDH Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi sessiyasida ishtirok etadigan mehmonlar uchun ochilganiga bir oy bo`lgan MChJdan qariyb 250 mln so`mlik va yana o`nga yaqin YaTTlardan turli esdalik sovg`alar sotib olgan. Suvenirlardan biri 17 mln so`mga tushgan. Sovg`a-salomlarning jami xarajati esa kamida 400 mln so`mga tushgan.
26 oktyabr kuni imzolangan shartnomaga ko`ra, “Blue-White Pantera” MChJdan qariyb 250 mln so`mlik xarid amalga oshirilgan. Sotib olingan sovg`alar ichida 1 donasi 1 mln 70 ming so`mlik sumkadan tortib, 387 ming so`mlik holvagacha bor.
Davlat reestriga ko`ra, “Blue-White Pantera” MChJ 2022 yil 20 sentyabr kuni ro`yxatga olingan. Korxona Senatdan 250 mln so`mlik buyurtmani olgan vaqtida ochilganiga bir oy ham bo`lmagan.
Shuningdek, parlament yuqori palatasi yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) Saydalieva Arofat Baxtiyorovnadan 25 doni sharfni jami 10 mln so`mga sotib olgan. Bir dona sharf 400 ming so`mdan tushgan.
YaTT Xolboev Bahrom Xoliyor o`g`lidan 28,4 mln so`mlik xarid amalga oshirilgan.
Sultanova Surayyo To`lqinovna YaTTdan esa 98 mln so`mlik xarid amalga oshirilgan bo`lib: donasi 17 mln so`m turadigan suvinerdan 5 ta sotib olingan. Bu qanaqa suvenir ekaniga aniqlik kiritilmagan.
Bular hammasi emas. Senat Kengashining 2022 yil 20 sentyabrdagi 409-sonli qo`shma qaroriga ilova qilingan hujjatdan ko`rinadiki, Senat o`ndan ortiq YaTT, bir qancha XK va MChJlardan mehmonlar uchun esdalik sovg`alar xarid qilishi qayd etilgan. Ammo davlat xaridlari portalida qolgan shartnomalarni topishning imkoni bo`lmadi.
Ochiq ma`lumotlardan mavjud shartnomalar hisoblansa, Senatning ikki kunlik tadbiriga kelgan mehmonlar uchun sovg`alari soliq to`lovchilarga kamida 400 mln so`mga tushgan.
Texnik tizimlar uchun 3,5 mlrd. so`m
Senat 2022 yil 1 aprelda UZINFOCOM bilan serverlar, ekranlar va tizimlarga texnik xizmat ko`rsatish uchun to`g`ridan to`g`ri shartnoma tuzgan. Shartnomaga ko`ra, ushbu xizmatlarning har oylik xarajati 349 mln so`m etib belgilangan.
Yil so`nggiga kelib, 15 dekabrda Senat va UZINFOCOM o`rtasida 1 apreldagi shartnomaga qo`shimcha ravishda texnik xarajatlar uchun 3,1 mlrd so`mlik shartnoma tuzgan.
Shartnomalardan ko`rinadiki, Oliy Majlis Senati 2022 yil apreldan dekabrga qadar serverlar, ekranlar uchun texnik xizmat ko`rsatish va ovoz berish tizimlari uchun jami 3,5 mlrd so`m mablag` sarflagan.
Senatning ushbu yirik xarajatli shartnomalari davlat tili – o`zbek tilida emas, rus tilida tuzilgan. Qolaversa, bu texnik xarajatlar umumiy hisob-kitobda berilgan. 3,5 mlrd so`mlik xarajat ichiga xakerlar hujumiga uchragan saytga texnik xizmat ko`rsatish ham kirishi yoki kirmasligi haqida ma`lumot keltirilmagan.
Eslatib o`tamiz, 2022 yil 2 noyabr kuni Senat rasmiy saytiga kiberhujum uyushtirilgan edi. Natijada saytga kirish bir muddat imkonsiz bo`lib qolgandi.
Senat binosini tozalatishga 441,4 mln so`m
Mustaqillikning 31 yilligi munosabati bilan Cenat binolarini tozalash, yuvish va ozoda saqlash uchun to`g`ridan to`g`ri va kompleks ekspertizadan o`tkazmazdan shartnoma tuzish uchun “Royal logistika” MChJni tanlab olish to`g`risida Senat Kengashining qarori qabul qilingan.
2022 yil 30 avgustda “Royal logistika” MChJ bilan 392,4 mln so`mlik shartnoma tuzilgan, ammo 20 dekabrda ushbu shartomaga o`zgartirish kiritilgan va xarajatlar oshirilib, 441,4 mln so`mga etkazilgan.
Davlat reestriga ko`ra, “Royal logistika” MChJ 2020 yil iyunda davlat ro`yxatidan o`tkazilgan. Asosiy faoliyat yo`nalishi – quruqlikdagi yo`lovchi tashishning boshqa turlari. Korxonaning 100 foiz ulushi Fayzullaeva Nodira Xayrullo qiziga tegishli ekani ko`rsatilgan.
Ma`lumot uchun, 2022 yilgi davlat byudjeti to`g`risidagi qonunda Senatga 59,9 mlrd so`m ajratish ko`zda tutilgan, lekin qonunga kiritilgan o`zgarishlar bilan Senatning xarajatlari 69 mlrd so`mga etgan.
2023 yilgi davlat byudjeti bilan, yuqori palataga yanada ko`proq – 92,8 mlrd so`m ajratildi.