Vladimir Putin G`arbda yo`qotgan imkoniyatlarini O`zbekistondan izlamoqda

02.12.2022 17:00

Mishustin nega Samarqandga keldi?

Vladimir Putin G`arbda yo`qotgan imkoniyatlarini Markaziy Osiyodan izlamoqda. Rossiya ommaviy axborot vositalarida Mishustinni Mirziyoev kutib olishi aytilgandi. Biroq...

“Sanksiyalar qurshovida qolgan Rossiya uchun sobiq sovet respublikalari eng yaqin strategik hamkorlarga aylanadi”, demoqda rossiyalik tahlilchilar.

Kecha, Samarqand aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov Rossiya Federasiyasi hukumati raisi Mixail Mishustinni kutib olgan. Rossiya taraf Mishustin avval Toshkentga tashrif buyurishi va Mirziyoev bilan uchrashishi so`ng, “G`alaba” bog`iga borib gul qo`yishi haqida ham yozishgan edi. Ammo, Mishustin hozirgacha Mirziyoev bilan uchrashmagan. Uni Bosh Vazir Abdulla Aripov chopqillab chiqib kutib olgan. Shuningdek, kecha RF prezidenti V. Putin va Shavkat Mirziyoev telefon orqali muloqot qilganlari ham aytilmoqda.

Uch tomonlama ittifoq quruq gapmi yoki...

Mishustin ayni damda Aripov hamroxligida Samarqandda o`tkazilayotgan “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” ko`rgazmasida qatnashmoqda. Bu Mishustinning hukumat raisi lavozimida ilk bor O`zbekistonga kelishi. Tashrif chog`ida Qozog`iston, O`zbekiston va Rossiyaning “gaz sohasida uch tomonlama ittifoq” masalalari ko`rilishi ham aytilmoqda. Kuni kecha, Rossiya Federasiyasi prezidenti matbuot kotibi Peskov bu uch tamonlama ittifoqning muxim ekanligini bildirgan edi. O`zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov esa bu ittifoq amalga oshmaydigan ish va shunchaki “quruq gap” ekanligini aytgan. Bosh vazir matbuot kotibligi bugungi uchrashuvlar davomida “gaz sohasida uch tomonlama ittifoq” masalalari ko`rilishi haqida ma`lumot bermagan.

Rossiya uchun O`zbekiston transport yo`li Eron va Hindistonga chiqishda muxim rol o`ynashi mumkin. Rossiyalik ekspertlar O`zbekiston Rossiyaning tabiiy va energetik resurslarini sotishida “xab” (markaz) vazifasini bajarishini aytishmoqda. Sanksiyalar qurshovida qolgan Rossiya uchun O`zbekiston iqtisodiy, logistik najot vazifasini o`tashi kutilayotgandek. Ammo, O`zbekiston tarafdagi rasmiylar bunga urg`u berayotgani yo`q. Yaqinda Ostonada o`tgan “Rossiya – Markaziy Osiyo” forumida Rossiya Markaziy Osiyodan siyosiy va iqtisodiy platforma sifatida foydalanishi haqida gapirildi. Toshkentda o`tgan Markaziy Osiyo ekspertlari forumida esa Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy ta`sirlaridan mustaqil mintaqaga aylanayotgani urg`ulangan edi.

O`zbek diplomatiyasi

Mishustin Rossiya tarafdan O`zbekistonga yuborilgan ikkinchi rasmiy delegasiya vakilidir.

3 kun avval Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin boshliq Rossiya parlament delegasiyasi Qonunchilik palatasi rahbari Nurdinjon Ismoilov, Senat raisi Tanzila Narbaeva va O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan edi.

Vyacheslav Volodin O`zbekiston parlamenti raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi parlament vakillari bilan o`tgan uchrashuvda AQShni qo`y terisini yopib olgan bo`riga qiyoslagan edi. Shuningdek uchrashuvda Volodin AQSh va Evropa aloqalari yaxshilikka olib kelmaganini va hozirda ham AQSh sanksiyalari sabab Evropa davlatlari qiynalayotganini aytgan. O`zbekiston parlamentning yuqori palatasi vakillari Rossiya Dumasi rahbari bilan uchrashuvlar o`tkazgan pallalarda Tashqi ishlar vazirligi AQShning O`zbekistondagi elchisi J. Xenekni qabul qilgan. 29 noyabr kuni Tashqi ishlar vazirligida vazir o`rinbosari Furqat Siddiqov AQSh elchisi Jonoton Xenek bilan uchrashgan. Furqat Siddiqov Jonoton Xenek bilan O`zbekiston va AQSh tomonlarning strategik hamkorligining keyingi istiqbollari haqida suhbatlashishgan. Rossiya davlat rasmiylarining O`zbekistonga tashrifi chog`ida AQSh elchisining Tashqi ishlar vazirligida qabul qilinishi o`zbek diplomatiyasi donoligidan darakmikan?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
12
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар