Quyi Chotqol daryosida yana bir yirik GES qurilmoqda

26.11.2022 12:02

2022 yil 25 noyabr kuni Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanida Chotqol daryosida qurilayotgan “Quyi Chotqol” GES to`g`onini qurish uchun daryo o`zanini to`sish bo`yicha tantanali tadbir bo`lib o`tdi. 

Tadbirda vazirlik, idoralar rahbarlari, Xitoyning O`zbekiston Respublikasidagi elchixonasi vakillari, shuningdek, xorijiy loyiha kompaniyalari, jumladan, Rossiya, Eron, Turkiya, Xitoy xorijiy davlatlarining loyiha boshqaruv tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. 

Tadbirni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaev ochib berib, viloyatda amalga oshirilayotgan mazkur yirik gidroenergetik inshoot xususida to`xtalib, Chotqol daryosida amalga oshirilayotgan yirik loyihaning viloyat energetika tizimida muhim ahamiyat kasb etishi, viloyat aholisini ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan ta`minlashga xizmat qilishi borasida fikr-mulohalarini bildirdi. 

“O`zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug`ani Sanginov gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar xususida to`xtalib, xususan, “Quyi Chotqol” GESining texnik xususiyatlari va ahamiyati xususida ma`lumot berdi. 

Ma`lumot o`rnida, “Quyi Chotqol” GES qurilishi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 yanvardagi “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investisiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga asosan “O`zbekgidroenergo” AJ tomonidan jadal sur`atlarda davom ettirilmoqda. 

Ta`kidlash joizki, barpo etilayotgan ushbu GES loyihasida har birining quvvati 22,5 MVt bo`lgan 4 ta gidroagregatni o`rnatish mo`ljallangan. Gidrotexnik inshootning o`rnatilgan quvvati 90 MVt bo`lib, yillik o`rtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 300 mln. kVt.soatga teng.

Shuningdek, GESning to`liq ishga tushirilishi 91,28 mln. m3 gacha tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Qurilishi boshlanayotgan Quyi Chotqol suv omborining loyiha bo`yicha umumiy balandligi 50 metr, suv to`plash hajmi 6,8 mln. m3 ga teng. Yangi inshootni 60 oy davomida, ya`ni 2021-2025 yillarda qurilib, ekspluatasiyaga topshirish rejalashtirilgan. Qayd etilgan ko`rsatgich, kelajakda o`rtacha 125 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta`minlashga xizmat qiladi. Mazkur quriladigan inshootlar kelajakda xalqimizga 100 yil davomida xizmat qiladi. 

Mazkur ob`ektning aynan Quyi Chotqol daryosida qurilishi rejalashtirilganligini sababi, mamlakatimizdagi eng yirik suv ombori hisoblangan Chorvoq suv omborining o`rtacha 65 foiz gidroresurslarini aynan Chotqol daryosidan oqib kelayotgan suvlar hisobiga shakllanishidir. Yiliga o`rtacha 4-4,5 mlrd. mZ suv oqib o`tadi. Yangi qurilayotgan GES yil davomida 11 oy ishlash imkoniyatiga ega.

E`tiborli jihati, qurilish ishlari doirasida Respublikada birinchi marta maxsus beton qorishmalaridan foydalaniladi hamda mamlakatimizdagi ilk beton tipidagi mustahkam to`g`on barpo etiladi. 

Natijada, mazkur to`g`onda quriladigan GES kun davomida elektr energiyasiga talab keskin oshgan davrda, ya`ni rostlovchi quvvatlarda elektr energiyani ishlab chiqarish imkonini beradi.

Qurilish ishlari doirasida xamkorlik qilayotgan xorijiy kompaniya vakillari, xususan, Turkiyaning “Dolsar Injirining” kompaniyasi konsultanti Melih O`zdilim, Eron Islom Respublikasining “U SUV ALAN” Ltd direktori Aziz Nekzadlar so`zga chiqib, hamkorlik doirasidagi amaliy ishlar xususida ma`lumotlar berildi. 

Asosiy qismga start berildi. Quyi Chotqol daryosi tabiiy oqimi tonnel orqali o`tkazila boshlandi. Bu jarayondan ko`zlangan maqsad, GES to`g`oni qurilishini boshlash hamda kelgusida ekspluatasiya jarayonlarida ham tonnel orqali suv yo`nalishini boshqa tomonga yo`naltirish imkoniyatini yaratish hisoblanadi. Bu haqda “O`zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati ma`lumot tarqatdi.

Reklama huquqi asosida

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар